Buxoroda yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratiladi

Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida Prezident farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati xabar berdi.

27−28 aprel kunlari Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tashkil etildi va unga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

- yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar miqdorini aniqlash va baholash;    

- fuqarolarga vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va boshqa yordamlar ko‘rsatish;

- ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik, transport va energetika infratuzilmasini va boshqa hayotiy muhim ob’yektlar va tizimlarni ishchanlik holatiga keltirish;

- qurilish-tiklash ishlariga zarur bo‘ladigan qurilish materiallarini miqdorini aniqlash va ularni yetkazish;

- qishloq va o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan zararni va yo‘qotishlar o‘rnini qoplash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash;

- qisqa muddatlarda nobud bo‘lgan g‘alla va paxta maydonlariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish.

Hukumat komissiyasiga 3 kun muddatda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirilgan.

Yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratiladi.

Farmoyishga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan zarar yetgan g‘o‘za maydonlariga qilingan xarajatlar va g‘alladan olinmaydigan hosil o‘rnini qoplash choralari ko‘riladi.

Komissiya 10 kun muddatda Olot tumani aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish, tuman markazini yana obod qilish maqsadida ko‘p qavatli uy-joylar, madaniy-maishiy hamda boshqa ijtimoiy ob’yektlar qurish bo‘yicha taklif ishlab chiqadi. Shuningdek, 2 hafta muddatda Olot va Qorako‘l tumanlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan taklif ishlab chiqiladi.

Barcha chora-tadbirlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy qilingan karantin tartib-qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.