Buyuk sarkarda, adolat va ulug‘vorlik timsoli

Bugun,   9 aprel - Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi, Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun.

1336 yilda Qashqadaryoning Xo‘jailg‘or qishlog‘ida tavallud topgan Amir Temur Samarqandning dunyo sayqaliga aylanishida ulkan hissa qo‘shgan.

Sohibqiron bu yerda bir-biridan go‘zal, betakror obidalar – jome masjidi, Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Shohi Zinda kabi maqbaralarni bunyod etdi. Samarqandliklar dam olib xordiq chiqarishlari uchun shahar ichida va atrofida bahavo, xushmanzara 12 bog‘-saroyni yaratdi.

Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar Samarqandni shu darajada vayron qil­gan edilarki, bu shaharni uzoq yillar qayta tiklashning iloji bo‘l­ma­di. 1370 yil Sohibqiron Amir Temur Samarqandni o‘z davlatining poytaxti qilib tanlar ekan, qadimgi Samarqand – Afro­siyobni qayta tiklashdan ko‘ra, yangi shaharni bunyod etishni ma’qul topdi. Shu tariqa Amir Temur Samarqandni yangi shahar sifatida qayta barpo qildi.

XIV asrning oxirlariga kelib, Samar­qand shu darajada obod va go‘zal, boy, ulug‘vor shaharga aylandiki, uning ko‘rki oldida Sharqning go‘zal shaharlari – Sheroz, Misr, Bag‘dod, Sultoniya va Damashq­lar ham o‘z ko‘rkini yo‘qotgandek bo‘ldi. Shu tufayli Sohibqiron Samarqand atrofidagi bir necha qishloqlarga yuqoridagi shaharlarning nomini berdi. Amir Temur Samarqandni va samarqandliklarni alohida mehr-muhabbat bilan sevardi. Shu sababli bu shaharning obodonchiligi, farovonligi yo‘lida boyligi va vaqtini ayamadi, uning farmoniga ko‘ra, samarqandliklar bir necha marta har xil soliq­lar­dan ozod etilgan.

Amir Temur ilm-fan, san’at va madaniyatga chin ma’noda homiylik qilganligi tufayli Samarqandda me’morchilik, she’riyat, ilm-fan, monumental rang tasvir, manzarali rang tasvir, to‘qimachilik san’ati, naqqoshlik, kandakorlik, toshtaroshlik, shishasozlik, kulolchilik g‘oyatda rivojlandi. O‘z davrining eng mohir me’morlari Samarqandda osmono‘par binolarni qurib, Amir Temur davlatining shon-shuhrati va qud­ratini abadiyatga muhrladilar.

Samarqandda Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davrida porlagan ilm-fan, san’at-madaniyat mayog‘i Eron, Hindiston, Xuroson, Turkiya kabi davlatlarda ham ilm-fanning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Tarix Amir Temurni makedoniyalik Iskandar, Doro I, Yuliy Sezar kabi yirik sarkardalar bilan bir qatorga qo‘yadi.

«Kuch – adolatdadir» shiori Sohibqiron davlati hududida axloqiy va ma’naviy mezonga aylangan edi.

Amir Temur 1405 yil 18 fevral kuni O‘tror shahrida vafot etgan.