Camarqanddagi nashrlarning bir martalik tiraji 80 ming nusxadan ortadi

Hozirda viloyatimizda 32 ta gazeta va 6 ta jurnal chop etiladi va ularning bir martalik adadi 80 ming nusxadan ortadi. Viloyatning shahar va tumanlari gazetalari tahririyatlarida 200 nafarga yaqin xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 100 nafarini ijodiy xodimlar tashkil etadi. Umuman olganda, viloyatda 500 nafardan ortiq jurnalist va bloger faoliyat yuritmoqda.

Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev ishtirokida "Ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirildi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatdagi 38 ta bosma ommaviy axborot vositasi tahririyatlarining 13 tasi o‘z binosiga ega, 10 tasi muassis binosida bepul faoliyat olib boradi. 15 ta gazeta va jurnal tahririyatlari esa ijarada faoliyat yuritadi, 8 ta nashr elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Viloyatda 9 ta xalqaro miqyosda tarqatiladigan elektron jurnallar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Faqat “Paxtachi” gazetasining rasmiy veb-sayti yangilanish jarayonida bo‘lsa, qolgan barcha tuman-shahar gazetalarining rasmiy veb-sayti faoliyat yuritmoqda. 

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyatining zarnews.uz veb-sayti hamda telegramm messenjeridagi zarnews kanali orqali faqat yozma axborot beribgina qolmay, xabarlarni video, audio, infografika ko‘rinishlarda berib borishda faol. Tahririyat qoshida media markaz tashkil qilingan.

 Tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlariningijodiy ishlari viloyat va respublika miqyosida e’tirof etilgani ham ta’kidlandi.  

-  Avval ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun turli idoralarga hujjatlar to‘plab, oylar, ba’zida yillar davomida qatnashga to‘g‘ri kelar edi, - deydi M.Ibodullayev. - Hozirda ommaviy axborot vositasining har qanday turini (gazeta, jurnal, veb-sayt va boshqalar) har bir tuman (shahar)da bo‘lgan davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin. Ayni paytda viloyatda 50 nafardan ortiq faol bloger, messenjer kanallari va ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yurituvchi fuqarolar bilan yaqin munosabat o‘rnatilgan. Ushbu blogerlar va faol fuqarolar tomonidan yuritilayotgan Telegram kanallari va ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy auditoriya 1 milliondan ziyod foydalanuvchini tashkil etadi.