Chaqalog‘ini 4 million so‘mga sotishga uringan opa-singillarga sud hukmi o‘qildi
Pul, boylik odamlarni ne ko‘ylarga solmaydi. Yaqin-yaqingacha bizga noma’lum bo‘lgan “odam savdosi”, “falonchi sotilib ketibdi” kabi so‘zlar yot edi. Endilikda bu gaplar hech kimni hayratga ham, dahshatga ham solmay qo‘ydi. Chunki oramizda odam savdosining qurbonlari yo bo‘lmasa odam sotib, moddiylikka erishmoqchi bo‘lganlar uchrab turibdi. Ammo o‘z bolasini sotmoqchi bo‘lganlarga nima deysiz?
Zara bilan Zebo (ism shariflar o‘zgartirilgan) opa-singil. Ikkovi ham hali turmushga chiqmagan. Biror joyda ishlamaydi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.
Noyabr oyi edi. Zara Shahzod ismli yigit bilan tanishib qoldi. Bu tanishuv kundan-kun qalinlashaverdi. Avvaliga shunchaki ko‘rishib, telefonlashib yurishgan bo‘lsa, borib-borib bu munosabatlar behayolik, zinogacha yetib bordi. Har gal yigit qizni shahardagi kimsasiz uyiga boshlaydi. Zara ham bu taklifni rad etmaydi. Yoshlik hoyu-havaslariga berilib, or-nomusni, ibo-hayoni unutganlar “shayton bazmi”ni qurishadi.
Bahor fasliga chiqib, Zara o‘zidagi o‘zgarishlarni sezib qoldi. U homilador edi. O‘tkinchi hislar qurboniga aylangan qizning ikki oyog‘i bir etikda qoldi.
“Tezroq bir qarorga kelishim kerak. Ota-onam, qarindoshlar bilsa sharmanda bo‘laman”, deb o‘yladi qiz. O‘ylab-o‘ylab, nihoyat bu gapni singlisi Zeboga aytdi.
Avvaliga Zebo ham juda asabiylashdi. Opasini yengiltaklikda, ishonuvchanlikda aybladi, koyidi. Lekin opasining ko‘zyoshlariga, o‘zini oqlashlariga ishondi. To‘g‘rirog‘i, ishonsa, ishonmasa endi befoydaligini angladi. G‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan.
- Bo‘lar ish bo‘ldi. Endi nima qilamiz? Uydagilar bilmasdan biror nima qilish kerak.
- Oldirib tashla bolani. Boshqa ilojing yo‘q.
- Yo‘q. Oldirolmayman, Keyinchalik bolali bo‘lolmasligim mumkin.
- Oldirmasang hammamizni sharmanda qilasanda. “Yengiltak” degan tamg‘a kerak bo‘lsa tug‘aver, - dedi Zebo, unday desa ham bunday desa ham ko‘nmayotgan opasidan jahli chiqib.
Har ne bo‘lganda ham Zara opasi, gunohi qanchalik og‘ir bo‘lmasin undan kecholmaydi. Axir odam o‘z barmog‘ini kesib tashlolmaydiku. Zebo shularni o‘ylab o‘zini ovutgan bo‘ldi. Bu og‘ir vaziyatdan sharmanda bo‘lmay chiqish choralarini izlay boshladi.
Nihoyat, opa-singilga umid uchquni ko‘ringanday bo‘ldi. Ular ishlab, pul topishga boshqa viloyatga ketish rejasini tuzdi. Ishlashga desa ota-ona ham yo‘lini to‘smaydi. Bola tug‘ilgach, hech nima bo‘lmaganday yana uyga qaytaveradi.
Avvalo shahardan ijaraga uy topishdi. Keyin ota-onani “Navoiy viloyatida bizbop ish bor ekan. Olti-yetti oy ishlab kelamiz”, deb “uxlatdi”.
Qizlar shahardagi ijara uyda yashay boshladi. Bir kuni sayrga chiqqan Zara Nuriddin ismli yigit bilan tanishib qoldi. Suhbati davomida qiz boshidan o‘tkazganlari haqida gapirdi. Bolasi tug‘ilgach, birorta tirnoqqa zor oilaga sotishini ma’lum qildi. Bu gaplarni eshitgan Nuriddinning eti jimirlab ketdi. Odam qanday qilib o‘z bolasini sotib yuborishi mumkin. Axir, u sotiladigan narsa yoki buyum emas, tirik jonku. U “ha, senday bemehr, beshafqatlar dastidan mehrga zor, hayotdan alamzada, yoshi ulg‘aygani sari tashlab ketilganini his qilgan, azob chekkan ko‘ngillar kim qanchadir” deb xayolidan o‘tkazdi. “Maza qilib yurasiz, ko‘ngilni xushlab. Bola paydo bo‘lgach, va’daboz qochib qoladi. Qiz esa boladan qutilishning bir ilojini qilib, yana hech nima ko‘rmagandek “qizbola”likka da’vo qiladi. O‘tkinchi hislar og‘ushida, yettinchi osmonda uchib yurganda or-nomus ko‘zga ko‘rinmay, keyinchalik ibo, hayo, hali turmushga chiqmaganligi ko‘rinib qoladi”.
Nuriddin bu gaplarni xayolan so‘zlar ekan, qanchalik g‘azabi qaynab, nafrati oshmasin suhbatdoshining gaplarini indamay eshitdi.
- Bilasizmi, men o‘n yildan beri farzandga zorman. Sizni menga xudo yo‘liqtirdi. Agar rozi bo‘lsangiz bolangizni menga bering. Qizmi-o‘g‘ilmi menga farqi yo‘q. Uyimdan go‘dak yig‘isi eshitilsa bo‘ldi. Qancha desangiz roziman, - dedi Nuriddin.
- Hali turmushga chiqmaganman. Uyimdagilar bizni ishlayapti deb o‘ylashadi. Shuning uchun uyga pul olib borishimiz kerak. 4.000.000 so‘m bersangiz, tug‘ruqxona xarajatlari ham ichida bo‘ladi, - dedi.
Nuriddin bu suhbatni telefoniga yozib oldi. Zara bilan telefon raqamlarini almashdi, bola tug‘ilsa xabar berishini aytib ketdi.
Nuriddin aybsiz go‘dakning buyumdek sotilib ketishiga jim qarab turolmadi. Organ xodimlariga borib, opa-singillar ustidan arz qildi va telefonidagi yozuvni ilova qildi.
Shaharga kelgandan keyin ham Zebo opasini bir necha marta bolani oldirishini aytib ko‘rdi. Lekin u qaroridan qaytmagan edi. Endi bolaga osongina xaridor ham topilganidan opa-singilning ko‘ngli xotirjam. Qishloqqa “yorug‘ yuz” bilan qaytadigan bo‘ldi.
Zaraning oy kuni yaqinlashib, o‘g‘il farzand ko‘rdi. Zebo tezda Nuriddindan suyunchi oldi. Bolaga “...Nuriddin o‘g‘li” deb guvohnoma to‘g‘irlab keldi. Ular birgalashib chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqishdi. Endi kelishgandek pulni olib, bolani berish uchun bir qahvaxonaga kirishdi. Shu yerda opa-singillar norasida go‘dakni pullayotganda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Sud hukmi bilan Zara va Zebo Qosimovalarga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 72-moddasiga asosan hukm shartliga almashtirilib, 3 yildan sinov muddati belgilandi.
Rustam Hayitov jurnalist.