Charli Chaplin: "Men hech qachon farishta bo‘lmaganman, har doim odam bo‘lishga intilganman"
75 yoshga kirgan dono qariya, 12 farzandning otasi Charli Chaplin Parij sahnasida o‘zini raqs san’atida izlayotgan 21 yoshli qizi Jeraldinaga xat yozdi.
Shaxsiy, ammo his-tuyg‘u, odob-axloq, otalarcha nasihatlarga boy maktubda aytilgan gaplar har birimizga mos keladi. Ushbu xat otalik sevgisi va g‘amxo‘rligi, qayg‘u va kechinmalari to‘plangan va saqlanib kelgan donolik namunasidir.
Darvoqe, kino dahosining qiziga yozgan xatining bir qismini bundan ancha avval sizlarga taqdim etgan edik. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xatning ingliz tilidagi to‘liq matnini topdik. Tarjima qilib, e’tiboringizga havola qilyapmiz. Ushbu ibratli xat ota-onangiz sizga nimani o‘rgatgani va farzandlaringizga nimani o‘rgatmoqchi ekaningiz haqida o‘ylashga chorlaydi.
“Men hech qachon farishta bo‘lmaganman, - yozadi Charli Chaplin, - lekin har doim inson bo‘lishga intilganman. Sen ham shunday qilishga harakat qil.
“Qizalog‘im!
Bugun Rojdestvo kechasi. Kichik qal’amning qurollangan askarlari uxlab qolishdi. Ukang, opang uxlayapti. Hatto onang ham allaqachon uxlab qoldi. Uxlab qolgan polaponlarimni uyg‘otmaslikka harakat qilib, yarim yoritilgan xonaga kirib senga shu xatni yozishga kirishdim. Sen mendan qanchalar uzoqdasan, lekin sening siymong har doim ko‘z ongimda bo‘lmasa, ko‘r bo‘lib qolay. Portreting esa stolda va mana bu yerda - yuragimning to‘rida. Sen-chi, sen qayerdasan? Afsonaviy Parijda, Yelisey maydonidagi ulug‘vor teatr sahnasida raqsga tushayapsan. Men buni yaxshi bilaman va shunga qaramay, tun jimjitligida qo‘yayotgan qadamlaringni, qishki osmonda yulduzlar kabi porlayotgan ko‘zlaringni ko‘rib turibman.
Tantanali yorqin spektaklda tatar xonining asirasi fors go‘zali rolini o‘ynayotganingni eshitib turibman. Qizim! Sohibjamol bo‘l va raqsga tush! Yulduz bo‘lib porla! Agar tomoshabinning zavqlanishi va minnatdorligi seni mast qilib, taqdim etilgan gullarning xushbo‘y hidi boshingni aylantirib qo‘ysa, bir burchakka o‘tirib ol va mana bu xatimni o‘qi, yuraging ovoziga quloq tut. Men sening otangman, Jeraldina! Men Charli, Charli Chaplinman! Go‘dakligingda kechalari beshiging yonida o‘tirib go‘zal malika va uyg‘oq ajdaho haqida ertak aytib berganlarim yodingdami? Uyqu kelib ko‘zlarim yumilib boshlaganida men uni masxara qilib: “Ket! Mening tushim - qizimning orzulari” deb aytardim.
O‘shanda men sening orzularingni, sening kelajagingni, sening bugungi kuningni ko‘rardim.
Men sahnada raqsga tushayotgan qizni ko‘rardim, u osmon bo‘ylab parilar kabi sirg‘anib uchardi. Tomoshabinlarning “Bu qizni ko‘rayapsizmi? U qari masxaraboz Chaplinning qizi, uning ismi Charli?”, deganini eshitardim. Ha, men o‘sha qari masxaraboz Charliman! Bugun sening navbating, qizim. Raqsga tush! Men keng, yirtiq shimlar kiyib o‘ynardim, sen esa chiroyli malika kiyimida raqsga tushayapsan. Ushbu raqslar va gulduros qarsaklar seni ba’zan osmonlarga olib chiqadi. Parvoz qilgin! Ammo yerga tush, qizim! Sen odamlarni, sovuqdan va ochlikdan titrab raqsga tushayotgan ko‘cha raqqosalarining hayotini ko‘rishing kerak. Men ham ular singari edim, Jeraldina. Ertaklarimga berilib uxlagan sehrli tunlaringda men hushyor yurardim.
Kichkinagina yuzingga qarab, yuraging urishini tinglardim va o‘zimga savol berardim: “Charli nahotki, shu mushukcha qachonlardir seni tanisa? Lekin sen meni bilmaysan, Jeraldina. O‘sha uzoq kechalarda men senga ko‘pgina ertaklarni aytib berardim, o‘zimni ertagimni esa aytolmasdim. Aslida u ham qiziqarli edi. Bu Londonning qashshoq kvartallarida qo‘shiq kuylab raqsga tushgan, so‘ngra sadaqa to‘plagan och masxarabozning ertagi edi. Mana mening ertagim! Boshpanasiz yurib, ochlik nimaligini boshidan o‘tkazgan, ko‘kragida mag‘rurlik ummoni to‘lqinlanib turgan va bu mag‘rurlik tashlangan tangalardan og‘riqli yarador bo‘lgan sarson-sargardonning haqoratli azobini boshdan kechirdim. Har holda men tirikman, shuning uchun buni qo‘ya turaylik.
Yaxshisi, sen haqingda gaplashamiz. Sening ismingdan so‘ng Jeraldina – mening familiyam - Chaplin keladi. Ushbu familiya bilan qirq yildan ortiq vaqt davomida men yer yuzidagi odamlarni kuldirib keldim. Ammo ular kulganlaridan ko‘ra men ko‘proq yig‘lardim. Jeraldina, sen yashayotgan dunyoda raqs va musiqadan tashqari boshqa narsalar ham bor. Yarim tunda ulkan zaldan chiqib ketayotganingda boy muxlislaringni unutishing mumkin, lekin seni uyingga olib boradigan taksi haydovchisidan xotini haqida so‘rashni unutma. Mabodo u homilador bo‘lsa-yu, bo‘lajak farzandining tagligi uchun puli bo‘lmasa, uning cho‘ntagiga pul solib qo‘y. Men bu xarajatlaringni to‘lash uchun mablag‘ ajratib qo‘ydim. Boshqalarga esa hisob-kitob bo‘yicha qat’iy ravishda to‘la. Vaqti-vaqti bilan metro yoki avtobusga chiq, piyoda yur va shaharni ko‘zdan kechir.
“Odamlarni kuzat! Beva va yetimlarga e’tibor ber! Kuniga kamida bir marta o‘zingga “Men ular bilan bir xilman, ulardan farqim yo‘q”, deb ayt. Ha, qizaloq, sen ularning birisan! Bundan tashqari, san’at odamga u uchib ketishi uchun qanot bag‘ishlashidan oldin, odatda uning oyoqlarini sindirib qo‘yadi va agar bir kun kelib sen o‘zingni tomoshabindan yuqori his qila boshlasang, darhol sahnani tark et. Yo‘lingda chiqqan birinchi taksiga o‘tirib, Parijning chetidagi shaharlarning biriga borgin. Men u joylarni juda yaxshi bilaman. U yerda sen kabi go‘zal, nafis, shavqli va g‘ururli raqqosalarning ko‘pini uchratasan.
U yerda teatrning ko‘zni qamashtiradigan chiroqlaridan asar ham yo‘q. Oy – ular uchun yagona chiroqdek yarqiraydi. Yaxshilab nazar sol! Balki ular sendan yaxshiroq raqsga tushar. Tan olgin, qizim, axir sendan ham yaxshi raqsga tushadigan, sendan ham yaxshiroq o‘ynaydigan kishi, albatta, topiladi!
Yodingda tut: Charlining oilasida hech qachon izvoshchini mensimaydigan yoki Sena daryosi bo‘yida o‘tirgan tilanchini masxara qiladigan qo‘pol odam bo‘lmagan.
Men o‘tganimdan so‘ng yaxshi yashab, hech qachon qashshoqlik nimaligini bilmasdan yashashingni istayman. Ushbu xat bilan birga senga xohlaganingcha pul sarflashing uchun chek daftarchasini ham qo‘shib yuboryapman. Ammo ikki frank sarflaganingda, uchinchi tanga seniki emasligini o‘zingga eslatib turishni unutma. U senga notanish, lekin unga muhtoj bo‘lgan odamga tegishi kerak. Bunaqangi odamni sen osongina topishingga ishonaman. Gap bu notanish kambag‘allarni ko‘rishni istashingda va ular bilan hamma joyda uchrasha olishingda.
Ularda iblis kuchi borligini bilib turib, men sen bilan pul to‘g‘risida gaplashyapman. Hayotimning ko‘p qismini sirkda o‘tkazdim va har doim dorbozlar uchun xavotirda bo‘lardim.
Senga shuni ham aytib o‘tishim kerakki, odamlar ishonchsiz arqondan pastga qarab qulagandan ko‘ra, tekis yerga yura turib ko‘proq yiqilishadi. Ehtimol, mehmonlar uchun uyushtirilgan ziyofatlarning birida olmosning yarqirashi qo‘zingni qamashtirib yuborishi mumkin. O‘sha paytda u sen uchun xavfli arqonga aylanadi va qulashing muqarrar bo‘ladi. Ehtimol, bir kuni seni biror bir shahzodaning chiroyli yuzi o‘ziga jalb qiladi. Xuddi shu kuni sen tajribasiz dorbozga aylanasan, tajribasizlar esa har doim yiqiladi. Yuragingni oltin va zargarlik buyumlariga sotma. Bilginki, eng katta olmos bu Quyosh. Yaxshiyamki, u hamma uchun bir xil porlaydi. Va vaqti kelib biror kishini sevib qolsang, uni chin yurakdan sev. Onangdan bu haqda senga yozib turishini so‘radim, u muhabbatni mendan ko‘ra ko‘proq tushunadi va bu haqda sen bilan suhbatlashib tursa yaxshi bo‘ladi. Sening ishing qiyin, men buni bilaman. Tanang faqat bir parcha ipakli matoh bilan qoplangan. San’at uchun sahnaga yarimyalang‘och ko‘rinishing mumkin, lekin u yerdan nafaqat kiyingan, balki pokiza bo‘lib qaytishing kerak.
Men mo‘’jiza sodir bo‘lib, senga aytmoqchi bo‘lganlarimning hammasini tushunishingni xohlayman. Charli endi qarib qoldi, Jeraldina. Ertami-kechmi, sahnadagi oq libosing o‘rniga, mening qabrimga kelish uchun motam ko‘ylagini kiyishingga to‘g‘ri keladi. Hozir seni ko‘nglingni g‘ash qilmoqchi emasman. Faqat vaqt-vaqti bilan oynaga qarab qo‘y, u senga mening xislatlarimni ko‘rsatadi. Tomirlaringda mening qonim oqadi. Tomirlarimdagi qon sovib qolganida ham otang Charli haqida unutmasligingni xohlayman. Men hech qachon farishta bo‘lmaganman, lekin har doim odam bo‘lishga intilganman. Sen ham shunday qilishga harakat qil.
Seni o‘pib qolaman, Jeraldina. Sening Charling. 1965 yil dekabr.”