Charter reyslar orqali so‘nggi uch kunda Rossiyadan 800 dan ortiq  o‘zbekistonlik qaytarildi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmasiga muvofiq xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish uchun 25 maydan 7 iyungacha 17 ta charter reysni amalga oshirish belgilangandi.

Bugungacha ushbu reyslarning uchtasi amalga oshirildi. Bu reyslarda Rossiya shaharlari – Yekaterinburg, Moskva va Sankt-Peterburgdagi 830 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarildi.

25 may kuni amalga oshirilgan “Toshkent – Yekaterinburg – Toshkent” reysida 278 nafar, 26 may kuni “Toshkent – Moskva – Toshkent” reysida 275 nafar va 27 may kuni “Toshkent – Sankt-Peterburg – Toshkent” reysida 277 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan.

Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, xorijdan qaytgan barcha fuqarolar aeroportdan karantin markazlariga yuborilgan.

Bugun, 28 may kuni “Toshkent – Rostov-Don – Toshkent” hamda “Toshkent – Istanbul – Toshkent” yo‘nalishida charter reyslari amalga oshiriladi.