Chegara sim to‘siqlarini buzib, Qozog‘istondan 190 bosh qo‘y-qo‘zi olib o‘tishga uringan qoidabuzarlar jazolandi

J.I.ning yolg‘iz boshiga oila, tirikchilik tashvishlari og‘irlik qildi shekilli, joriy yilning fevralida jinoiy sherigi Sh.F. bilan Qozog‘iston Respublikasidan mayda shoxli mollarni bojxona nazoratini chetlab, noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tish, O‘zbekistonda sotish bilan shug‘ullanish bo‘yicha kelishib oldi. Kelishuvga ko‘ra, J.I. 19 fevral kuni “Guliston-avto” chegara o‘tkazish maskani orqali Qozog‘iston Respublikasiga qonuniy ravishda o‘tib, Shardara tumanida joylashgan mol bozorida qozog‘istonlik “B” ismli fuqaro bilan tanishadi. Undan 200 dona ona-bola qo‘y-qo‘zini 7.500.000 tengega, ya’ni 20 ming AQSh dollariga sotib olib, O‘zbekiston Respublikasiga 190 dona mayda shoxli mollarni chegara o‘tkazish maskani bo‘lmagan hudud orqali chegara sim to‘siqlarini buzib, olib o‘tayotgan vaqtda, jinoyat ustida harbiy qismning Navoiy viloyati tezkor qo‘riqlash guruhi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi tomonidan J.I. Jinoyat kodeksi 182-moddasi 2-qismining “a” bandi va 223-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JKning 57,59, 62-moddalariga asosan 3 yil 8 oy 10 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sh.F.ga esa Jinoyat kodeksi 28,182-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57,60,61-moddalariga asosan 33.450.000 so‘m jarima va oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 11 oy 29 kun axloq tuzatish ishlari jazolari tayinlandi. 190 ta qo‘y davlat hisobiga o‘tkazildi.

F.QAHHOROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi raisi.