Chegaralar yopilsa-da, eksport va zarur tovarlar importi to‘xtagan emas

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona xizmati podpolkovnigi Jasurbek Fayzullayev ishtirokida o‘tkazilgan onlayn brifingda shu va tizimga oid yangiliklar xususida ma’lumot berildi.

Qayd qilinganidek, yurtimizda karantin tadbirlari boshlangandan buyon tadbirkorlik sub’yektlari va aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz Prezidenti va Hukumatimiz tomonidan bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Ushbu hujjatlar ijrosi yuzasidan viloyat bojxona boshqamasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yuklarni chegara bojxona postlari orqali tez o‘tkazish, uzluksiz bojxona rasmiylashtiruvini, eksport va import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlar vaqtida berilishini ta’minlash bo‘yicha boshqarmada tezkor shtab va “Call center” tashkil etilgan.

Shu kunga “Call center”ga 143 ta murojaat tushgan bo‘lib, 108 tasi ijobiy hal qilingan.

Tadbirkorlik sub’yektlariga yaratilgan qulayliklar asosida, viloyatda ro‘yxatga olingan, muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan 42 ta korxona tomonidan 8 704 tonna qiymati 6 million 484 ming dollar qiymatdagi tovarlar eksporti amalga oshirildi.

Tadbirkorlik sub’yektlariga chetdan keltirilgan 20 xil turdagi oziq-ovqat, shaxsiy gigiyena vositalari va ayrim tibbiyot jihozlari bo‘yicha 1 milliard 397,2 million so‘mlik bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan.

6 ta tadbirkorlik sub’yektlariga 1 milliard 640 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha 120 kungacha kechiktirib to‘lash imkoniyati berilgan.

Tadbirkorlar va jismoniy shaxslar iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasida (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” tizimi 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda.