Chelakda 10 turdagi quritilgan meva qadoqlanib, xorijga eksport qilinyapti
Payariq tumanidagi “Chelak tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati 10 turdagi ho‘l mevalarni quritib, qadoqlab, 10 ga yaqin xorijiy davlatlarga eksport qilyapti.
- Sexlarimizda 50 nafar xodim ishlaydi, - deydi korxona mutaxassisi Kamoliddin Usmonov. – Jamiyatga qarashli 40 gektar tokzorimizda 40 kishi ish bilan band, shuningdek, o‘nlab mavsumiy ishchilar mehnat qiladi. Shu yerda hamda aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan mahsulotlar shartnoma asosida sexlarga qabul qilinadi. Ular quritilib, tozalanadi va qadoqlanib, eksportga chiqariladi.
Bir paytlar bir necha o‘n kishi bajargan ishni bugungi kunda birgina qurilma amalga oshiryapti. Masalan, mayiz AQShdan keltirilgan maxsus uskuna yordamida cho‘p va boshqa chiqindilardan tozalanadi, yuviladi va qutilarga joylanadi.
Korxona o‘tgan yili xorijga 3,5 million dollarlik quruq meva sotgan bo‘lsa, bu yil 6 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirgan.
So‘nggi paytlarda meva sabzavotlar eksporti oshishi ortidan, bog‘dorchilik sohasida dehqon mehnati qadr topyapti. Ozgina yerda yetishtirilgan mahsulot mo‘maygina daromad keltiryapti.
- Bir paytlar hovlimizda yetishtiriladigan ho‘l mevalarni quritib qishga olib qo‘yardik, - deydi payariqlik Olimjon Mirzaqobilov. - Yeganimizcha yeb, qolganini arzimagan pulga sotardik yoki mollarga berardik. Bugungi kunda tomorqa xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyat boshlagach, biz kabi oddiy dehqonlarning ham mehnati qadrlanyapti. Tomorqada yetishtirgan mahsulotlarimizni shartnoma asosida ularga topshiryapmiz va bundan yaxshigina foyda ko‘ryapmiz. Ular orqali uzum, o‘rik va olmalarimiz xorijga sotilyapti. Chekka qishloqdagi hovlimizda yetishtirilgan mahsulot xorijga eksport qilinishi xayolimizga ham kelmagan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).