O‘qituvchilar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazishadi?
Ayrim xorijiy davlatlarda yangi o‘quv yili oldidan o‘qituvchilar imtihon topshirishar ekan. Imtihondan o‘tolmagan o‘qituvchiga maktabda dars berilmas ekan. Tabiiyki, o‘qituvchilar yozgi ta’tilda dam olish bilan birga yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishadi.
Bizda yuqoridagi singari o‘qituvchilarga talab qo‘yilmagan. Chunki deyarli har yili o‘tkaziladigan attestatsiya imtihonlari bor. Ammo o‘qituvchi o‘z ustida doim ishlamasa, har tomonlama ortda qolib ketishini tushunib yetyapti. Masalan, o‘qituvchining malaka toifasi oshsa, maoshi sezilarli darajada ko‘tariladi. Respublika, xalqaro fan olimpiadalariga o‘quvchisini olib chiqsa, katta miqdorda bir martalik mukofot puli beriladi. Chet tili o‘qituvchilari milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lsa, qo‘shimcha ustama oladi. Xullas, avvalgidek maktab direktorlari qarindosh, tanish-bilishlariga ustama puli yozib, bilimli, tajribali o‘qituvchilar chetda qolmaydi.
- Yangi o‘quv yiliga tayyorgarliklar yaxshi, - deydi Jomboy tumanidagi 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nasiba Faxriddinova. – Bu yil 11-sinfimni uchirma qildim, ulardan uch nafari xalqaro, uch nafari milliy sertifikat oldi. O‘z kasbimni yaxshi ko‘raman, ammo shu paytgacha dars jarayonida qo‘llagan yangiliklarimni ommalashtirishga urinmabman. Masalan, adabiyot darsida biron badiiy asar o‘tsam, o‘quvchilarimga o‘sha asar qahramonlarining so‘zlarini bo‘lib beraman. Darsda teatrdagi singari sahna asari namoyish etiladi. Bu usul o‘quvchilarning adabiyotga mehrini oshirish bilan birga, asarni xotirasida yaxshi eslab qolishiga yordam beradi. Ona tili darsidan ham o‘quvchilarim diktantni “4” va “5” baholarga yozadi. Shuningdek, ota-onalarning e’tirofi o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga undaydi. Ota-onalar hozirdan bu yilgi 5-sinfni o‘zingiz oling, deb hol-jonimga qo‘ymayapti. Shuncha odam ishonch bildirib tursa, qanday qilib yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rmaysiz, o‘z ustingizda ishlamaysiz.
- Informatika fanidan 20 yillik ish stajiga egaman, - deydi Samarqand shahar 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Doniyor Jumanov. – Hozirgi yoshlar informatika faniga juda qiziqadi. Ularga dars jarayonida axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar, yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, ayniqsa, xorijda ushbu soha mutaxassislariga to‘lanadigan maosh haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni berib boraman. Shuning uchun o‘quvchilar informatika fanini sevib o‘qiydi. Yozgi ta’tilda internetdan ushbu sohadagi yangiliklarni o‘qib boryapman. O‘quvchilarimni fanga yanada qiziqtirish uchun ajoyib ma’lumotlarni to‘playapman. O‘tgan yili besh tashabbus doirasidagi respublika ko‘rik-tanlovida o‘quvchilarim kompyuter yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
- Ta’tildan qaytganimizga bugun to‘rt kun bo‘ldi, - deydi Oqdaryo tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Shahlo Qurbonova. - Eng avvalo, sinf xonalarini, yon-atrofimizni tartibga soldik. Hozir hamma o‘qituvchi ish joyida ishlasa ham majburiy mehnat deb vahima qilishyapti. Lekin ish joyingiz toza, ozoda bo‘lsa, ish unumdorligi oshadi. O‘zingiz ham ivirsiq uyda o‘tirolmaysiz-ku. Sinf jihozlari, devoriy gazetalar, qoida va eslatmalarni yangi o‘quv yiliga moslayapmiz.
Men ta’tilda ko‘proq badiiy kitob o‘qiyman. Umuman, badiiy kitob men uchun kundalik zaruriyatdan biriga aylangan. Yolg‘on gapirishni xush ko‘rmayman, hamma o‘quvchilarim ham kitobxon emas. Kitobga qiziqadiganlari oldimga kelib, yoqtirgan kitobini qayerdan topish mumkinligini so‘rashadi. Ta’tildan qaytgandan so‘ng darslarimizda o‘quvchilar bilan o‘qigan kitoblari haqida suhbatlashamiz. Ta’tilda ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsam, o‘quvchilarimdan kitob o‘qib turibsanmi, deb so‘rayman.
***
To‘g‘ri, o‘qituvchilarning hammasi ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishga vaqt topolmaydi. Ayniqsa, qishloq sharoitida ro‘zg‘or, tomorqa ishlaridan ortmaydigan o‘qituvchilar bisyor. Hatto ularning ba’zilari pensiyaga chiqquniga qadar biror marta sihatgohlarda dam olmaydi. O‘z kasbini sevgan, muvaffaqiyatga erishgan va kasbi ortidan qadrlanayotgan o‘qituvchilar tayyorgarlik ko‘radi. Ba’zilar maktab tugaganidan boshi osmonda, axir bir yillik asabbuzarliklar tinchidi, endi biroz dam olish kerak.
- O‘qituvchilar o‘quv yili tugashi bilan yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ladi, - deydi pedagoglardan biri. – Bir hamkasbim “Mayli, yozgi ta’tilda har kuni maktabga kelishga tayyorman, faqat dars o‘tmasam bo‘ldi, o‘quvchilar ta’tilga ketgach, asablarim dam olyapti”, dedi. O‘qituvchilik kasbini har kim ham uddalay olmaydi. Masalan, maktabimizga ishga kelgan ikki nafar akademik litsey o‘qituvchilari “Biz bunday shovqinga ko‘nikmagan ekanmiz”, deb ketib qolishdi. Yigirma uch yildan beri maktabning shovqiniga o‘rganib ketibman, menga hecham bilinmaydi. Ammo tinch joyda ishlaganlar maktabda ishlay olmaydi.
Ba’zan o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnati qadriga yetmaymiz. O‘qituvchi bolamni o‘qitmaydi, deb ularni yomonotliq qilamiz. Ammo o‘zimiz kechqurun bolamiz bilan bir soat dars qilishga asabimiz chidamaydi. Dars qilish u yoqda tursin, haftada bir marta kundaligini tekshirmaymiz. Maktabni bitirgach, bolamiz o‘qishga kirolmasa, yana o‘qituvchidan ayb izlaymiz. Vaholanki, sinfda “uch”, “to‘rt”, “besh” bahoga o‘qiydigan o‘quvchilarga o‘qituvchi bir xil dars o‘tadi.
Yana bir gap. Keyingi paytda ota-onalar imkonini topsa, farzandini shahar maktabida o‘qitishga harakat qilyapti. Sababi, shaharda yaxshi o‘qitadi, deyishadi. Aslida bugun shahar maktablarida raqobat kuchli, ba’zi maktablarga o‘qituvchilar tanlov asosida saralab olinmoqda. Xususiy maktablar ham o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga olyapti. Oliy ta’limga qamrov oshaversa, yaqin yillarda qishloq joylarida ham bunday raqobat paydo bo‘lishi tabiiy. Raqobat bo‘lgan joyda o‘qituvchi o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydi.
Xurshida Ernazarova.