“Chimyon” va “Amirsoy”dagi sharoit nega “Taxtiqoracha”da yo‘q?
Bu yil qishda yog‘ingarchilik kam kuzatildi. Qishning ikkinchi oyi tugashiga oz fursat qolganda tabiat bizni qor bilan siyladi. Biroq kunlar iligach, qorlar ham tezda erib ketdi, aksariyat hududlarda daraxtlar gulladi. Hozir qish ziynatini faqat tog‘lardagina ko‘rishimiz mumkin.
Omonqo‘ton qishlog‘i Urgut tog‘lari orasidagi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi “Taxtiqoracha” dovonida joylashgan. Hududning so‘lim tabiati, sof havosi o‘ziga xos bo‘lib, ayni qish faslida ham maftunkor va doim odamlar bilan gavjum. Ayniqsa, dam olish kunlari ishdan chalg‘ish, oila va do‘stlar davrasida hordiq chiqarish uchun toqqa chiqadiganlar ko‘p.
Ammo qir-adirliklardan iborat ushbu hududda qishda dam olish uchun sharoit yo‘q, xavfsizlik choralari ko‘rilmagan, hatto yon-atrofga birorta taqiqlangan belgi o‘rnatilmagan. Shunday bo‘lsa-da, odamlar nafaqat o‘zi, balki farzandlarining hayotini ham xavfga qo‘yib, toqqa chiqyapti. “Taxtiqoracha” dovonida bunga guvoh bo‘ldik.
Qarshi shahrida yashaymiz, dam olish kunidan foydalanib, oilamiz bilan “Taxtiqoracha” dovoniga keldik, - deydi Gulchehra Qulmurodova. – Bu yil shaharda deyarli qor yog‘madi. Farzandlarim qorga olib boring, tog‘ga chiqaylik, deb qo‘yishmadi. To‘g‘ri, bu yerda qish kunlari dam olishga sharoit yo‘q, lekin bolalar uchun bunga majburmiz. Toshkentdagi “Chimyon”, “Amirsoy” ham xuddi shunday joylar, lekin u yerda barcha sharoitlar yaratilgan.
“Taxtiqoracha” dovoni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtalig‘ida joylashgan va ikkala viloyat aholisining kelishi uchun qulay joy. Qolaversa, bu yerga xorijlik sayyohlar ham ko‘p keladi. Agar qishda ham hududda dam olish uchun zarur sharoitlar yaratilsa, nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlar oqimi ham ko‘payardi.
Omonqo‘ton qishlog‘ida yashovchi aksariyat odamlar o‘zlarining yashash uylari va belgilangan hududlarda dam olish uchun maxsus joylar tashkil qilgan. Bu yerlarda asosan bahor va yoz oylari, ochiq havoda hordiq chiqarish, shu yerning o‘zida ovqat tayyorlab, taom buyurtma berish mumkin. Biroq ayni paytda toqqa dam olish uchun kelganlarning aksariyati o‘z bilganicha hordiq chiqaryapti. Masalan, yeb-ichardan qolgan chiqitlar, tog‘ qa’riga uloqtirilgan idishlar, daraxt shoxlarining kesilish holatlari tog‘ning xushmanzara tabiatiga ziyon keltiryapti. Buning ustiga, ushbu hududda bironta mas’ulning yo‘qligi, bor bo‘lsa-da, o‘zini ko‘rmaslikka olayotgani dilni xira qildi.
Albatta, tabiat qo‘ynida dam olishni bilishmaydi, deb aybni faqat odamlarga ag‘darish xato bo‘ladi. Chunki dovonda qishda dam olish uchun na sharoit, na bir me’yor bor. Qarshilik opa aytganidek, odamlar o‘z ehtiyojini qondirishga “majbur” bo‘lmoqda. “Chimyon” va “Amirsoy”dagi sharoit “Taxtiqoracha”da ham yaratilmas ekan, tabiat in’om etgan manzaralarga ziyon yetaveradi. Tabiat esa bizni “kechirmaydi”.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.