Cho‘kkan pol, yorilgan, qiyshaygan devorlarni kim to‘g‘rilaydi?
Toyloq va Past Darg‘om tumanlaridagi ayrim muassasalar binosi talabga javob bermaydigan ahvolda.
«Yuksalish» umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat jamoatchilik guruhi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi xodimlari hamkorligida Toyloq va Past Darg‘om tumanlaridagi bir nechta ta’lim muassasalari binolarining zilzilabardoshlik darajasi o‘rganildi.
Jumladan, Toyloq tumanining Bog‘izog‘on mahallasidagi 1-kasb-hunar maktabining kiraverishi pol qismining beton qoplamasi cho‘kkan, sport zalining bolalar kiyinish xonalari ta’mirtalab ahvolda - devorlar yorilgan, pol qismi beton qoplamalari ko‘chgan, xona devoridan o‘zboshimchalik bilan dudbo‘ron (dimoxod) uchun katta teshik ochilgan. Bu hech qanday qurilish standartiga to‘g‘ri kelmaydi.
Sport zalidagi jihozlarni saqlash xonasining yuqori qismidagi, kiyinish xonasidagi tayanch ustunlar hamda zal yo‘laklarining pol qismlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Zilzila bo‘lgan vaqtda bu yoriqlar binoning nafaqat qulab tushish xavfini oshiradi, balki maskandagi o‘quvchi va o‘qituvchilarning hayotini xavf ostida qoldiradi.
Tumanning Jumabozor mahallasida joylashgan 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi holat ham ko‘ngildagidek emas.
Ta’lim muassasasining devor qismlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Binoning cho‘kkanligi oqibatida devorlar qiyshaygan. Zilzila bo‘lmasdan turib ham binoning qulab tushish ehtimoli katta. Muassasa faollar zalining tom qismidan suv o‘tib, beton plitalarning bardoshliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Uzunqishloq mahallasidagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport anjomlari saqlanadigan xonaning tom qismi va devor o‘rtasida yoriqlar paydo bo‘lgan. Sport zalining tom qismidan suv ketgan, beton plitalarning orasi ochilib qolgan, zal binosining cho‘kishi oqibatida kiyinish xonasi devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Bulardan tashqari, muassasa binosining yo‘laklari, oshxonasining pol qismlarida cho‘kish holatlari ko‘zga tashlanadi.
Past Darg‘om tumanining Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi binosiga kiraverishdagi devorlar cho‘kkan, oshxona hamda yo‘laklardagi yorilgan devorlar beton plitadan ajralib qolgan. Binoning tashqi fasadida ham yirik yoriqlarni ko‘rish mumkin. Faollar zalining tom qismidan suv o‘tib, beton plitalarga ziyon yetkazgan.
Ta’lim maskani yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydi. Yong‘in xavfsizligi burchaklari to‘liq jihozlanmagan, o‘t o‘chirish shitlari ochiq holda? bino ichki yo‘laklarining pol qismi cho‘kkan.
Shu kabi kamchiliklar tumandagi 126-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham kuzatildi. 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosining ichki yo‘laklari devori cho‘kkan, binoning tashqi fasadida katta yoriqlar paydo bo‘lgan. Maskan sinfxonalarida yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan, sport zalining tom qismidan suv o‘tishi oqibatida beton plitalar yaroqsiz holatga kelyapti. Maktab hojatxonasi hamda hovli devorlarida yoriqlar bor.
Biz guvoh bo‘lgan ayrim ta’lim muassasalari binolaridagi achinarli holatlar o‘quvchilar va o‘qituvchilar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin. Shuni anglagan holda, yuqorida ta’kidlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalalarini tegishli mutasaddilar jiddiy o‘ylab ko‘rishi lozim.
Elyor Hamroyev,
«Yuksalish» umummilliy harakati viloyati bo‘linmasi rahbari.