“Mehribon bilan faxrlanamiz!”

Joriy yilda Samarqand shahar 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabini oltin medal bilan tamomlagan Mehribon Shavkatova Samarqand davlat chet tillar institutiga hujjat topshirib eng yuqori ball to‘pladi.

U yoshligidan qiziquvchan, tirishqoq bo‘lib voyaga yetdi. Bilimga chanqoqligi, o‘tkir zehni bilan sinfdoshlari orasida ajralib turardi. Maktabda ona tili, adabiyot, ingliz tili, huquqshunoslik va matematika fanlarini sevib o‘qidi. 5-sinfdan boshlab fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga munosib ko‘rildi.

2019-2020 o‘quv yilida huquqshunoslik fanidan bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” insholar ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi, maktabni oltin medal bilan tamomladi. U joriy yil Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili yo‘nalishiga hujjat topshirib, eng yuqori ball to‘pladi.

Mehribon Shavkatovaning bunday muvaffaqiyatlari zamirida albatta, ota-onasi hamda unga ta’lim berayotgan ustozlari - Samarqand shahar 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari M.Mallayeva, D.Rahimova, Z.Jumayeva, R.Jalilova, M.Doniyorova, Z.Sultonova, D.Salohiddinova, A.Abdullayevalarning mehnati yotibdi. Bugun Mehribon ota-onasi va ustozlarining ishonchini oqlab, o‘z maqsadlari sari dadil intilmoqda.