Coca-Cola kompaniyasining birinchi reklama yuzi qanday ko‘rinishga ega edi

1899 yilda Coca-Colaning rasmiy reklamasi chiqdi. Model va ijrochi Xilda Klark tarixdagi bu mashhur brendning birinchi yuziga aylandi. Uning surati bir necha yil davomida zamonaviy libosda, o‘zgarmas tabassum bilan stakan ichidagi ichimlikni namoyish qilib plakatlarni bezardi.

Rasmiy brend namoyandasi bo‘lishidan oldin Xilda Klark Bostonda yashagan va myuzik-xolda rol o‘ynagan. Uning kiyinish uslubi XIX asr oxiridagi rusum va ayol nazokati asosiy g‘oyalarini birlashtirardi, shu sabab Coca-Cola u bilan qiziqa boshladi.

1899 yilda u kompaniya bilan shartnoma imzoladi. Uning yuzi plakatlarda ham, qulay tunuka patnislarda ham paydo bo‘la boshladi – ovqatlanish korxonalarida yangi ichimlik shu patnislarda xo‘randalarga yetkazilardi. Aynan bu afishalar tufayli qiz dunyo reklama tarixiga kirdi.

Uning tasviri tushirilgan barcha plakatlar qo‘lda chizilgan bo‘lardi. Birinchilarida Klark chiroyli hashamatli ko‘ylakda bo‘lib, u stolda go‘yoki do‘sti tomonidan yozilgan yozuvni o‘qib turar, unda o‘sha paytlarda Coca-Cola vakolatxonasi bo‘lgan barcha shtatlar ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Biroq, Klarkning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada ishtirok etishning asosiy yutug‘i butun Amerikada bo‘lgan obro‘si emas, balki uning kelajakdagi turmush o‘rtog‘i bilan uchrashuvidir. Axir, millioner va o‘z davridagi eng katta temir yo‘l magnati Frederik Flauer u haqida afishalardan bilib olgandi.

Ular 1903 yilda turmush qurishdi, shundan keyin Xilda reklama va sahnadagi ish faoliyatini yakunladi. Biroq, uning yuzi iste’molchilar orasida mashhur bo‘lishda davom etdi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.