Coxta aksiyalarni pullab, moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi bir nechta fuqarolar murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi.
Unda T.R. va boshqalar o‘zlarini go‘yoki, “N.” xorijiy kompaniyasining Qashqadaryo viloyatidagi rasmiy vakili sifatida tanishtirib, 17 ta xorijiy kompaniyaning soxta aksiyalarini sotish evaziga 2 ming nafarga yaqin fuqarodan jami 9 million AQSh dollari yig‘ib olishgan.
Shuningdek, yanada ko‘proq pul mablag‘ jalb etish hamda mijozlar sonini orttirish maqsadida yig‘ilgan 9 million AQSh dollaridan 800 ming AQSh dollarini odamlarga foiz hisobida berishgan.
Bundan tashqari, T.R. o‘ziga 78 ming AQSh dollariga “Volkswagen”, o‘g‘li A.N. nomiga 2 ta “Lasetti” rusumli avtomashinasini va Qarshi shahridagi savdo do‘konini sotib olib, jinoiy faoliyatdan olgan daromadlarni legallashtirgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan T.R. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.