Cuvda turgan chiroyli shaharlar
“Suvdagi shahar” iborasini eshitganimizda, odatda Venetsiya suratlari xayolimizga keladi. O‘zining arxitekturasi, boy tarixi, romantikasi orqali Italiyadagi bu shahar turizm durdonasiga aylanib qolgan. Biroq dunyoda suvda turgan yoki tevaragini suv o‘rab olgan boshqa ko‘plab shaharlar ham bor.
Chjutszyaszyao, Xitoy
Bu eng kichik va eng qadimiy Chjutszyaszyao shahrini “Shanxay Venetsiyasi” deb aytishadi. Butun shahar bo‘ylab kanallar ustida yog‘och ko‘priklar o‘rnatilgan, daryo bo‘yida esa xitoy uslubida o‘yib ishlangan eshik va derazalari qizil, tomlari esa oq rangga bo‘yalgan past shiftli uylar saf tortgan.
Mahalliy aholi ming yillar davomida odatiy turmush tarzini o‘zgartirmagan: ular uylaridan chiqmasdan oziq-ovqat sotib olishadi. Faqat derazadan qarab, o‘tayotgan savdo kemalaridan kerakli mahsulotni tanlash kifoya, xolos.
Venetsiyada bo‘lgani kabi gondolchilar sayyohlarni Chjutszyaszyao kanallari bo‘ylab qayiqda sayyohat qildirishadi.
Udaypur, Hindiston
Hindistonlik yaqinda turmush qurgan kelin-kuyovlar o‘zlarining asal oyini nodir Udaypur shahrida o‘tkazishni yaxshi ko‘rishadi. Bu yerda ulug‘vorligi bilan lol qoldiradigan qal’alar va saroylar saqlanib qolingan. Shuningdek, Udaypur Hindistondagi ko‘llar va bog‘lar shahri hisoblanadi. Bog‘lar Maxarana Uday Singx II tomonidan yaratilgan.
Bryugge, Belgiya
Bryugge – Belgiyaning G‘arbiy Flandriya provinsiyasi poytaxti. Bu yerda ham Venetsiyadagi kabi tarixiy binolar saqlanib qolingan. Bryugge shahrida siz o‘rta asrlarda qurilgan shinam uylar bilan o‘ralgan ko‘plab kanallar bo‘ylab qayiqda yurishingiz mumkin.
Shaharda hammasi bo‘lib 54 ta ko‘prik, ular orasida katta kemalar o‘tishi uchun ko‘priklar ham bor. Aytgancha, XIV asrda Bryugge Shimoliy Yevropadagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Birinchi birja aynan shu yerda 1406 yilda tashkil etilganligi bejiz emas.
Kechqurunlari bu shaharda agar sayyoh va mahalliy aholini ko‘rmasangiz, o‘zingizni boshqa zamonaga tushgandek his qilasiz.
Meskaltitan, Meksika
Meksikaning ham o‘z Venetsiyasi bor. Meskaltitan shahri Nayarit shtati qirg‘oqlaridagi orolda joylashgan. U Meksikadagi ko‘plab kanallar oqib o‘tadigan keng Mangro butazorlari bilan o‘ralgan.
Shahar har yili avgust-sentyabr oylariga to‘g‘ri keladigan yomg‘irli mavsumda Venetsiyaga aylanadi. Ko‘chalarni suv bosadi va mahalliy aholi kanoyega o‘tib oladi. Afsonalarga ko‘ra, Meskaltitan atsteklar sivilizatsiyasining beshigi bo‘lgan qadimgi Atstlan shahri o‘rnida joylashgan.
Ular bu yerdan 1091 yilda janubga ko‘chib ketib, keyinchalik Tenochtitlan (zamonaviy Mexiko)ga asos solgan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.