Dalasiga bormagan, yerni suymagan dehqon fermer bo‘lolmaydi

Norxol QURBONOVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, Paxtachi tumanidagi «G‘allakor» fermer xo‘jaligi boshlig‘i:

- Yaratganga shukur, sakson yoshni qarshiladim. 66 yildan beri paxtachilikda brigada boshlig‘i, fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib ishlab kelyapman. Shu yillar davomida paxtachilikda hosildorlik gektar hisobiga 45 sentnerdan ko‘p bo‘lsa bo‘lganki, kam bo‘lmagan. G‘alla hosildorligi 75 sentnerdan pastga tushmaydi.

Buning asosiy sababi – yerga, kasbimga bo‘lgan hurmatim, e’tiqodim. Hozir «MAGNUM» bilan yerni borona qildiryapman, uch-to‘rt kunda chigit ekamiz. Undan oldin 60 gektar maydonga 100 mashina begona tuproq soldik. Zovur, ariq bo‘ylaridan, katlavonlardan chiqqan tuproqlardan keltirib to‘kdik. Buning yerga foydasi katta. Birinchidan, mineral o‘g‘it qimmat, ikkinchidan, begona tuproq aralashgach, chigit ekiladigan maydon quvvati ikki barobar oshadi.

50 gektar g‘allamiz ham bor. Xo‘jaligimizda 70 kishi ishlaydi, maosh oladi. Muhimi, o‘zim ishlayman, tongdan kechgacha ishchilarim yonida bo‘laman. Ish boshqaruvchi qo‘yib, o‘zi uyida yo kabinetida o‘tirgan fermerlarga maslahatim shu: unutmanglar, dalasiga bormagan, yerni suymagan dehqon fermer bo‘lolmaydi.