Imtiyozlardan foydalangan aholi dam olish kunlarida sayohat va ziyorat qilmoqda

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan besh kunlik dam olish kuni belgandi. Shu munosabat bilan respublikamiz bo‘yicha ichki turizmni rivojlantirish uchun temiryo‘l, avtoyo‘l va havo yo‘llari, mehmonxona va oshxonalarda chegirmalar joriy etildi.

Natijada aholi bu imkoniyatlardan foydalanib, sayohatga chiqmoqda. Biz Samarqandga kelgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdik.

Temur ShERBOYeV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridan:

-  Oilamiz bilan anchadan buyon Samarqandga kelishni niyat qilgandik. Mana, besh kunlik dam olish kunidan foydalanib, sayohat va ziyorat qilyapmiz. Imom Buxoriy ziyoratgohida bo‘lib qaytdik. Bu yerdagi qadamjolar va tabarruk joylarni ko‘rib, ertaga sayohatimizni Buxorda davom ettiramiz. Jizzaxning Zominida ham dam olishni ko‘zlab turibmiz. Xullas, dam olish kunida oilamiz bilan O‘zbekistonni diqqatga sazovor joylarida bo‘lmoqchimiz.

To‘lg‘anoy BOYIROVA, Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidan:

-  Kecha qarindoshimiznikiga kelinlarim, nabira va chevaralarim bilan keldik, bugun ziyoratni Xo‘ja Ahroriy Valiydan boshladik. Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilmoqda. Registon maydonida ham bo‘lamiz, mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qilishni maqsad qildik. Samarqandga har gal kelganimda butunlay o‘zgarishlarni, yangi imoratlar, ko‘chalar va boshqa ko‘rkam joylarni ko‘raman.

Arofat VALIYeVA, Toshkent viloyati, Chinoz tumanidan:

-  Singillarim bilan erta tongdan Samarqanddagi tarixiy obidalarni va qadamjolarni ziyorat qilishga otlandik. Imom Buxoriyda qurilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ziyoratchilar uchun joy hozirlangan ekan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara-majmuasida bo‘lib, haqlariga duoda bo‘ldik. Berilgan imtiyozdan foydalanib poyezdda keldik. Birimiz sandiqsoz, birimiz shifokor va yana bir singlim tadbirkorlik qiladi.  Nasib bo‘lsa, bugun Samarqand shahridagi barcha qadamjolarga borishni niyat qildik.

Muhammadqodir Abduraufov, Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahridan:

-  O‘zbekiston milliy universiteti talabasiman. Kursdosh o‘rtog‘im Shodiyor Jozilov Ishtixon tumanidan. U bilan yangi o‘quv yili boshlanishida va dam olish kunlaridan foydalanib Samarqandning diqqatga sazovor joylarini, qadimiy obidalarini ko‘rishga keldim. Televizorda, internetda ko‘rgandan ko‘ra o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganning farqi katta, albatta. Men bu joylarda bo‘lib, o‘zimga yangi kuch olyapman. Nasib etsa, keyingi gal oila a’zolarim bilan birga kelish niyatim bor.

Husan Eltoyev tayyorladi.