Davlat tili “millatlararo aloqa tili” hamdir

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh “o‘zbek ziyolilari” imzosi ostida mazmun-mohiyati mamlakatimizda rus tiliga “millatlararo aloqa tili” rasmiy maqomini berishga qaratilgan “taklif” xususida bahsli tortishuvlar davom etmoqda. Bunday tortishuvlar har qanday demokratik jamiyatda yuz berishi tabiiy, chunki haqiqat bahslarda tug‘iladi. “Elim deb, yurtim deb kuyib-yonayotgan bu ziyolilarning” mamlakat va millatning ijtimoiy-ma’naviy hayotida inqilobiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan “tashabbusi”, albatta, xalq ommasining jamoaviy aql tarozisida tortib ko‘rilishi va ma’lum xulosalarga kelinishi lozim.

Bu “tashabbus”ning ayni shu kunlarda e’lon qilingani tasodifmi? Bizningcha, tasodif emas. Chunki Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirining Toshkentga tashrif buyurishi chog‘ida “Vesti.uz” saytida e’lon qilingan ushbu tashabbusni mehmon vazir mamlakatimiz rahbariyatiga yetkazishi uchun tayyorgarlik bo‘ldi, chog‘i.

“Vesti.uz” saytidagi o‘sha chiqishda O‘zbekistonda rus tiliga “millatlararo aloqa tili” maqomi berish taklifi bildirilgan. Mualliflarning fikricha, bunday odimning otilishi rus tilining o‘qitilishi, o‘rganilishi va ommaviylashishiga yordam berar emish. Ana shu “yaxshi niyat” ushbu murojaatnomaning e’lon qilinishiga turtki bergani ham ta’kidlangan.

Ma’lumki, sobiq sho‘rolar davrida O‘zbekistonda rus tili ham davlat tili, ham millatlararo aloqa tili edi. O‘zbekistonning, xalqimizning mustaqillik uchun kurashi o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashi bilan boshlangani hech kimga sir emas. 1989 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni, uning 1995 yilda yangi tahrirda qabul qilingan varianti va 1992 yil qabul qilingan Konstitutsiyamiz Ona tilimizni mustaqil mamlakatimizning rasmiy davlat tili sifatidagi maqomini konstitutsional va qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘ydi.

O‘tgan 30 yilda mamlakat demografiyasidagi ahvol mahalliy xalqning foydasiga o‘zgardi, o‘zbek tilida gapiradigan aholi 90 foizdan ziyod (1989 yilgi aholi ro‘yxatida bu 72 foiz edi), mamlakat turli xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zosi, u mustaqillik yo‘lidan dadil bormoqda. Rus tilli aholining yil sayin ozayib borayotgani ma’lum (mamlakat miqyosida 8 foiz, Toshkent shahri va viloyatida 20 foiz atrofida). Shunday ekan, bu tashabbus qanday ijtimoiy yoki demografik ehtiyojga ko‘ra paydo bo‘ldi?

Bizningcha, rus tilining maqomini ko‘tarishga real ehtiyoj yo‘q. Qolaversa, har qanday normal mamlakatda davlat tili rasmiy til va u shu mamlakatdagi xalqlarning millatlararo aloqa tili hamdir. Masalan, Rossiyada yoki Turkiyada ingliz tilini millatlararo aloqa tili sifatida e’lon qilish haqida hech kim o‘ylab ham ko‘rmaydi. Chunki Rossiyada rus tili, Turkiyada turk tili millatlararo aloqa tili vazifasini bajaradi, begona bir tilni jamiyat hayotiga bir guruh yoki qaysidir toifaning istagiga ko‘ra “kiritish”ni hech kim xayoliga ham keltirmaydi. Qolaversa, O‘zbekistonning 28 yillik yangi tarixida rus tili va mamlakatimizning rus tilli aholisi demokratik davlatimizning va inson manfaatlari muhofazasiga qaratilgan qonunlarimiz himoyasi ostida hayot kechirmoqda. Mamlakatimizda rus tilli aholi 8 foiz atrofida bo‘lishiga qaramay, o‘rta umumta’lim maktablarining 13 foizi, oliy o‘quv yurtlaridagi akademik guruhlarning 10 foizdan ortig‘ida rus tilida ta’lim berilayotgani ham shundan dalolat beradi (Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining rasmiy saytlari statistik ma’lumotlariga qaralsin). Rossiyalik olim Roy Medvedevning MDH mamlakatlarida rus tilining ahvoli xususidagi maqolasida O‘zbekistonda rus tilining ahvoli ko‘ngildagiday ekani bejiz ta’kidlanmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga xos bahsli tortishuvlar yaratgan bu “tashabbus”ga kishilar turlicha munosabatda bo‘lmoqda. Masalan “Feysbuk” tarmoqlarida munosabat bildirayotganlarning aksariyati bu “tashabbus”ga qat’iy qarshi chiqayotgani kuzatilyapti, tashabbus tarafdorlari ham yo‘q emas.

Rus tilining jamiyatimiz hayotida o‘ziga xos o‘rni bor, albatta. Dunyoning eng boy tillaridan biri bo‘lgan bu tilni o‘rganish hech kimga ziyon keltirmaydi. Zotan, kimga rus tili shaxsiy hayoti yoki kasbiy faoliyatida lozim bo‘lsa, uni hech bir cheklovlarsiz o‘rganmoqda, bu tabiiy. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda ingliz tilini keng yoyish va o‘rganish uchun bu tilga rasmiy maqom berish shart bo‘lmaganidek, rus tili va rus adabiyotini o‘rganish, rus madaniyatini targ‘ib qilish uchun ham unga “millatlararo aloqa tili” maqomini berish mutlaqo mantiqsizlikdir.

Yurtimizda azaldan tubjoy aholi sifatida yashab kelayotgan qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklar, turkmanlar va boshqa millatga mansub aholi vakillari davlat tilini qariyb 100 foiz biladilar. Rus tilli aholining katta qismi ham o‘zbekchani allaqachonlar o‘rganib olgan. Ular uchun de-fakto va de-yure o‘zbek tili “millatlararo aloqa tili“dir. Shunday ekan, davlat tili yoniga yana bir rasmiy tilni qonun yo‘li bilan tiqishtirishga hech qanday real ehtiyoj yo‘q.

 

Jo‘liboy Eltazarov,

Samarqand davlat universiteti professori.

Mardon Boltayev,

Samarqand davlat universiteti dotsenti.