Davlat xizmatlari markazida «yashash to‘g‘risida ma’lumotnoma» berilmaydi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2018 yil 15 oktyabrdan fuqarolarga mahalla fuqarolar yig‘inidan yashash joyi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bekor qilingan. Shuningdek, hujjat bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlari shaxsning yashash joyi bo‘yicha yashayotganligi, ishsizligi, yakka yolg‘iz shaxslarni, bolani, pensioner va nogironligi bo‘lgan kishilarni parvarish qilganligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, shaxsning tavsifnomasi taqdim etmaydi. Endilikda shaxs to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotni tegishli tashkilotning o‘zi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil yoki idoralararo elektron hamkorlik orqali olishlari belgilangan.

Ammo o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ayrim vakolatli davlat tashkilotlari mahalla fuqarolar yig‘inlaridan ma’lumotnoma berilmasligini noto‘g‘ri talqin qilib , fuqarolarni davlat xizmatlari markaziga shu turdagi hujjatlarni olish uchun yubormoqda. Bu esa aholining ovoragarchiligiga olib kelmoqda. Shuni aytish kerakki, davlat xizmatlari markazlari tomonidan «Mahallada yashash to‘g‘risida ma’lumotnoma» berilmaydi. Bizda Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-ma’lumot axborotlari beriladi.

Akmal TUROBOV,  davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi

boshlig‘i o‘rinbosari.