Mobil-ID tizimi: Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida bu tizim nima uchun kerak?
Davlat xizmatlaridan masofadan foydalanish, ya’ni onlayn foydalanish uchun eng muhim narsa bu – shaxsni identifikatsiya qilishdir.
Ana shunday identifikatsiya vositasi bo‘lib ko‘p yillar davomida elektron raqamli imzo kaliti hisoblangan. Elektron raqamli imzo kaliti (ERI) kalitining asosiy kamchiliklaridan biri shunda ediki – ushbu kalit orqali mobil qurilmalar smartfonlar orqali onlayn xizmatdan foydalanish murakkab edi.
Mobil-ID imkoniyatlari nimada?
Hozirgi rivojlanayotgan hayot tarzi kompyuterdan ko‘ra, ko‘proq mobil telefonlardan foydalanish ommalashayotganini inobatga olib, davlat xizmatlaridan aynan mobil qurilmalar va telefonlar orqali keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Mobil-ID tizimi joriy qilindi.
Ushbu tizim fuqarolarga elektron raqamli imzodan foydalanmagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratadi.
Masalan, hozirda 3,1 mln. dan ortiq faol elektron imzo mavjud bo‘lib, ularning amal qilish muddati 2 yilni tashkil etadi. Mobil-ID tizimi esa mobil aloqa xizmatlaridan foydalanayotgan 24 mln. aholi uchun alohida flesh-kartani olib yurmasdan xizmatlardan foydalanish imkonini beradi. Jumladan:
– OneID tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining portal va axborot tizimlariga kirishda foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlash (autentifikatsiya qilish);
– Mobil-ID tizimidan foydalanayotgan foydalanuvchining haqiqiyligini tasdiqlash (verifikatsiya qilish);
– elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha berilgan arizalarni tasdiqlash;
– foydalanuvchi o‘zining shaxsiga doir ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlari “Elektron hukumat” tizimi orqali olganda bu haqida xabarnomalar qabul qilish kabilar shular jumlasidandir.
Mobil-ID tizimida qanday ro‘yxatdan o‘tiladi?
Tushunarli bo‘lishi uchun shuni ma’lum qilamizki, Mobil-ID tizimi shaxsni uning – mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.
Mobil-ID tizimidan ro‘yxatdan o‘tish juda oson. Buning uchun siz bir marotaba shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki haydovchilik guvohnomasi) bilan respublikada mavjud davlat xizmatlari markazlari yoki notariuslarga tashrif buyurishingiz kifoya.
Bunda:
– davlat xizmatlari markazi operatori yoki notariusga shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etasiz va mobil raqamingizni ma’lum qilasiz;
– operator yoki notarius tizim orqali sizni “one.id” tizimi orqali ro‘yxatga o‘tganligingizni tekshiradi va ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz ro‘yxatdan o‘tkazadi;
– tizim orqali biometrik ma’lumotlaringiz tasdiqlanadi;
– telefon raqamingizga tasdiqlovchi kod yuboriladi va kod tizimga kiritiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish pullikmi?
Mobil-ID tizimini ommalashtirish maqsadida fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiyalash 2022 yil 31 dekabrga qadar to‘lov undirmasdan amalga oshirilmoqda.
2023 yil 1 yanvardan boshlab BHMning 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.