Davlat xizmatlarini olishning eksterritorial tamoyili aholiga qanday qulayliklar yaratmoqda?

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga shaffoflik, qulaylik va soddalashtirilgan holda tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatilishi borasida bir qator qarorlar, ma’muriy reglamentlar qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni 140 dan ziyodni tashkil etmoqda.

Xususan, Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi orqali ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlar fuqarolarning vaqtini tejash, ularning idorama-idora navbat kutib yurishlarini oldini olish, qog‘ozbozlikni kamaytirish va boshqa qulayliklarni yaratish maqsadida interaktiv usulda amalga oshirilmoqda. Fuqarolar murojaatlarini belgilangan vaqtda ko‘rib chiqish va natijalarni taqdim etish uchun idoralararo hujjatlar almashuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Markaz tomonidan 2021 yilning o‘tgan davrida jismoniy va yuridik shasxlarga jami 51 477 ta xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, 1756 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 657 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, 41 ta xususiy korxona, 192 ta oilaviy korxona va 866 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari shular jumlasidandir.

2021 yilning o‘tgan davri mobaynida davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni oshdi. Markaz orqali davlat xizmatlarini qabul qilishga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan joriy yil yakuniga qadar yana 30 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.

2021 yilnining birinchi choragi davomida murojaatlarning asosiy qismini “elektron imzo olish”, “jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi”, “soliqlardan qarzdorligi mavjud emasligi ma’lumotnomasini olish”, “gaz, suv va elektr hisoblagichlarini yechish, o‘rnatish va qiyoslashdan o‘tkazish”, “STIR olish”  sudlanmaganlik, nomida uy-joy mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar olish, kadastr, tadbirkorlik sub’yektini ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish singari xizmatlar tashkil etmoqda.

Fuqarolarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida barcha xizmatlar eksterritorial tamoyil bo‘yicha, ya’ni istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib xizmatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Misol uchun, Navoiy viloyatida faoliyat yuritishni maqsad qilgan tadbirkor Samarqand viloyatidagi markazlardan turib ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Nafaqat ro‘yxatdan o‘tish sohasida, balki davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan aksariyat xizmatlardan doimiy yashash joyidan hamda ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’iy nazar jismoniy va yuridik shaxslar istalgan huddudagi davlat xizmatlari markazlari orqali foydalanishlari mumkin.

Shu o‘rinda muhim bir jihatga alohida e’tibor qaratib o‘tmoqchiman. Fuqarolarimizning davlat xizmatlaridan onlayn ravishda foydalanishda nafaqat karantin davrida, balki my.gov.uz portali orqali istalgan paytda ham o‘zlariga kerakli bo‘lgan xizmatlarga oid masalani davlat xizmatlari markazlariga shaxsan kelmasdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, ya’ni qonun hujjatlariga muvofiq berilgan imtiyozdan foydalanib hal etishi mumkin. 

Bu bilan fuqaroning qimmatli vaqti tejaladi, belgilangan yig‘imni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaatga nisbatan qo‘llaniladigan imtiyoz asosida kamroq to‘lash imkoniyatiga ega. Eng muhimi, uyidan chiqmasdan murojaat qilish orqali hal etishi hamda so‘ragan hujjatlarini olishi mumkin.

Aziz Sobirov,

Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i.