Davlatlar chegaralari qayta ko‘rib chiqilishi kerakmi?
1975 yilda Finlyandiyaning Xelsinki shahrida chaqirilgan Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlari xalqaro kengashida Ikkinchi jahon urushidan keyingi dunyo mamlakatlari chegaralari bundan buyon daxlsiz hamda qat’iy deya e’lon qilingan va bunga 35 davlat boshliqlari, jumladan, sobiq SSSR rahbari Leonid Brejnev ham o‘z imzosni qo‘ygandi.
Afsuski, yillar o‘tishi bilan ushbu xalqaro hujjat oyoqosti qilindi. Sobiq SSSRga o‘zini qonuniy voris, deya e’lon qilgan Rossiya Federatsiyasi Ukrainadan Qrim yarim oroli va Donbass hamda Lugansk viloyatlarini ajratib oldi. Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziyadan, Pridnestrove esa Moldaviyadan qurolli to‘qnashuvlar vositasida tortib olindi.
Shu o‘rinda bitta tarixiy faktni eslatib o‘taman. 1990 yilda Berlin devori qulab, GFR va GDR ixtiyoriy ravishda birlashganida, Buyuk Britaniya premer ministri Margaret Tetcher bunga qat’iyan qarshi chiqqan edi. Vaholanki, u bundan sevinishi kerak emasmidi?! Yo‘q. U dono siyosatchi sifatida besh qadam oldinda nima borligini ko‘ra bilgandi. Natijada, Yevropada chegaralarni qayta taftish qilish boshlanib ketdi. Yugoslaviya urush olovi ichida qoldi, Chexoslovakiya ikkiga bo‘linib ketdi, Kosovo, Xorvatiya, Bosniya, Gersogovina kabi davlatlar paydo bo‘ldi.
Chernogoriyada begunoh insonlarning qoni daryo bo‘lib oqdi. Bugungi kunda ham chegaralarni qayta taftish qilish aqidasi asosida Italiya, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya singari Yevropa mamlakatlarining hududiy yaxlitligi shubha ostiga olinmoqda.
Shu ma’noda, keyingi davrda qaror topgan davlat chegaralarini qayta ko‘rib chiqishga urinish katta-kichik urushlarni keltirib chiqarmoqda. Birgina Ukrainada 2014 yildan buyon qariyb 15000 odam qurbon bo‘ldi.
Tog‘li Qorabog‘ mojarosini ham shu asosda ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligiga daxl qilinib, uning bir qismining noqonuniy yo‘l bilan ajratib olinishi juda katta xato bo‘lgan. Xalqaro hamjamiyat ushbu xatoni tuzatishi va shu bilan birga qaysi davlatning hududlari noqonuniy tarzda tortib olingan bo‘lsa, o‘z egalariga qaytarilishi kerak.
Xudoyberdi KOMILOV,
"Zarafshon" gazetasining siyosiy sharhlovchisi.