Dengiz haqida nimalarni bilamiz?

Dengiz – sinoatlarga boy suv havzasi. Xo‘sh, dengiz suvi qanchalik sho‘r? Eng sho‘r dengiz qaysi? Qaysi dengizlarda ko‘proq baliq ovlanadi? Eng uzun plyaj qayerda? Eng chiroylisi-chi?Dengizsiz plyaj ham bormi? Bo‘lsa u qayerda joylashgan? Keling, shu kabi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishamiz.

Dengiz suvi tarkibida qancha tuz bor?

Dengiz suvi sho‘r, buni hamma biladi. Ammo uning tarkibida qancha tuz bo‘ladi? Bir litr suvida 35 gramm! Agar dunyo dengizlari suvini bu hajmga ko‘paytirsak, biz milliardlab tonna tuz olar ekanmiz.

O‘lik dengiz - eng sho‘r dengiz

Eng sho‘r dengiz (1 litr suvida 330 gramm tuz bor) bu Isroil va Iordaniya o‘rtasida joylashgan O‘lik dengiz. U aslida ko‘l, chunki okeanga chiqa olmaydi. Agar siz uni ko‘l sifatida ko‘radigan bo‘lsangiz, u “tuzlash” bo‘yicha birinchi o‘rinda turuvchi Antarktidadagi Don-Juan ko‘lidan keyingi joyni egallaydi (400gramm/kilogramm).

Sovuq dengizda baliq ko‘p bo‘ladi

Baliq ovlash joylarining aksariyati Tinch okeani va uning dengizlarida joylashgan (dunyo bo‘yicha ov qilinadigan baliqlarning 51 foizigacha). Ikkinchi o‘rinda o‘zining dengizlari bilan Atlantika okeani (33 foizgacha) turadi. Sovuq dengizlardagi suv kislorodga boy, shuning uchun bu yerda baliq ko‘proq bo‘ladi.

Eng uzun plyaj

Dunyodagi eng uzun plyaj Bangladeshdagi Koks-Bazar plyajidir: uning uzunligi 120 kilometrdan oshadi.

Eng chiroyli plyaj
Sayohat ixlosmandlari tomonidan yaratilgan TripAdvisor cayti foydalanuvchilari fikriga ko‘ra, Karib dengizidagi Terks va Kaykos orollarida joylashgan Greys Bay plyaji 2018 yilda dunyodagi eng go‘zal plyaj deb topildi.

Dengizsiz plyaj qayerda joylashgan?

Germaniya poytaxtidan 70 kilometr uzoqlikda ulkan gumbaz bilan qoplangan va 50 ming o‘simlik bilan haqiqiy tropikka aylantirilgan chiroyli plyaj joylashgan. Bu dunyodagi eng katta akvapark hisoblanadi.

Dunyodagi eng katta jonzot

Nafaqat okeanning, balki butun sayyoramizning eng katta hayvoni bu ko‘k kitdir. Uning uzunligi 33 metrga yetadi, vazni esa 150 tonnadan oshadi. Agar taqqoslaydigan bo‘lsak, fil unga nisbatan kichik o‘yinchoqqa o‘xshaydi.

Dengizdagi chiqindilar

Afsuski, dengiz chiqindilarining 90 foizini odamlar tomonidan tashlagan plastiklar tashkil etadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.