Deputat Samarqand shahri “Fidoyilar” mahallasidagi abgor holat bo‘yicha qator savollar qo‘ymoqda
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati Feruz Nasrullayev tahririyatga mazkur mahalladan olingan qator videolavha va suratlarni yubordi. Unda “Chashma” arig‘i atrofida yillar davomida to‘planib qolgan chiqindilar muammosi aks etgan.
“Viloyat Kengashi raisining topshirig‘iga asosan "Fidoyilar" mahallasidan o‘tuvchi “Chashma” kollektori yon-atrofini obodonlashtirish va aholi dam olish maskaniga aylantirish, veloyo‘laklar tashkil qilish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilgandi.
Borib o‘rganilganda mahalladagi holat achinarli ekani ma’lum bo‘ldi. Mahallada obodonlashtirishga umuman e’tibor qaratilmagan. Ariq (kollektor) yon-atrofi chiqindi bilan to‘lgan. Hozirgi murakkab vaziyatda bu yerda yana ham ko‘proq kasallik tarqalishi hech gap emas.
Mutasaddi tashkilotlar qayerga qarayapti? Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi, Samarqand shahar davlat sanitariya va epidemiologiya-osoyishtalik markazi bo‘limi qani?” deydi deputat o‘z xatida.