Deputatlar dorixonalardagi holatni tanqid qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Aslanov va O‘zLiDeP Samarqand tumani Kengashi raisi Abdujabbor Umarov va tuman Kengashi deputati Akbar Mahmudovlar Samarqand tumani hududidagi dorixonalarning sanitariya holatini o‘rganish jarayonida, bir qator dorixonalarda antisanitariya holatlarni aniqlashdi.

Mazkur holatlar yuzasidan deputatlar muassasalar rahbarlariga zarur tavsiyalar berdi.

- Bugun aholi eng gavjum joylar - bozorlar va dorixonalar, - dedi A.Aslanov. - Tozalikni aynan shu joylardan boshlasak, pandemiyaga qarshi kurashimiz samarali kechadi. Dorixonalarda vaqti-vaqti bilan pollarni,  savdo qilinadigan shoxobchalarni, eshiklarni xlorli suv va maxsus antiseptik vositalar bilan artib turish lozim. Ammo o‘rganishlar jarayonida ayrim dorixonalarda sanitariya-gigiyena talablari esdan chiqib, asosiy e’tibor savdoga qaratilganligiga guvoh bo‘ldik. Ularga deputatlarimiz tomonidan ogohlartirishlar ham berildi.

Shuningdek, deputatlar Samarqand tumani SEOMda bo‘lib, tumanda koronavirusdan himoyalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tuman SEOM boshlig‘i Obro‘y Boyqobilovning aytishicha, 20 mart holatiga ko‘ra, hududda koronavirus bilan kasallangan bemorlar aniqlanmagan. Bugun nafaqat tumanda, balki Samarqand viloyatida pandemiyadan himoyalanish bo‘yicha chora-tadbirlar asosida vazifalar belgilangan. Xususan, O‘zbekiston havo yo‘llari va O‘zbekiston temir yo‘llari orqali xorijdan kelgan 304 nafar fuqarolar 14 kunlik karantinga olingan. Bundan tashqari, xorijdan keladigan fuqarolarni vaqtincha aholidan izolyasiya qilish uchun yana 1000 ta joy tayyorlangan.

 Baxtigul QARShIYEVA.