“Dinamo” Birlashgan Arab Amirliklarida Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi
![](https://static.zarnews.uz/crop/6/a/720__80_6acec5c44db737057bac1b6d8ac77bce.jpeg?img=self&v=1739282944)
Vadim Abramov murabbiyligidagi viloyatimizning «Dinamo» jamoasi joriy yilgi Superliga mavsumiga tayyorgarlik doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazgan edi.
Jamoa Abu-Dabi va Dubayda olib borilgan tayyorgarlik jarayonida uchta nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Kuniga ikki martadan olib borilgan mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy holatini tiklashga qaratildi. Shuningdek, o‘rtoqlik uchrashuvlarida jamoaga yangi qo‘shilgan o‘yinchilar sinovdan o‘tkazildi.
«Dinamo» safar davomida Rossiya, Xorvatiya va Janubiy Koreya klublariga qarshi maydonga tushib, ikki durang, bir mag‘lubiyat qayd etdi.
– Tayyorgarlik rejaga ko‘ra davom etmoqda, – deydi «Dinamo» jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov. – Klubga 10 nafardan ziyod mahalliy va xorijlik futbolchilar jalb qilingan. Mavsum boshlanguncha tarkibimizga yana legioner va mahalliy klublardan futbolchilar jalb qilinadi.
Darvoqe, Superliga o‘yinlari joriy yilning 7 martidan start oladi va bu yil ham mavsumni Namanganda «Navbahor»ga qarshi ochilish o‘yini bilan boshlaymiz. Lekin taqvim biz uchun unchalik yaxshi deya olmayman. Chunki birinchi davradayoq kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushamiz. To‘g‘ri, turnir davomida barcha raqiblar bilan o‘ynaymiz. Lekin birinchi to‘rtta o‘yindan uchtasini safarda o‘tkazish qiyin bo‘ladi. Har qanday qiyinchilikka qaramay, yaxshi tayyorlanamiz va kurashamiz. Eng asosiysi, Namanganda o‘tgan yilgi uchrashuvdagidek hakamlar vaziyatni noto‘g‘ri baholashmasa bas.
- Maqsadimiz o‘tgan yilgidan ko‘ra katta natijalarga erishib, muxlislarni xursand qilish, - deydi “Dinamo” jamoasi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Anvarjon Hojimirzayev. - O‘tgan yili “Navbahor”ga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandik. Joriy mavsumni g‘alaba bilan boshlashni istaymiz va buning uchun jamoamizda ishtiyoq ikki karra yuqori. Xususan, o‘zim mavsumni to‘purar sifatida yakunlashni xohlayman. O‘tgan yilda bu marraga ozgina yetmay qolgandi. Shuning uchun qur’ada kim tushishini ahamiyati yo‘q, to‘g‘ri kelgan jamoa bilan o‘ynaymiz.
2-10 fevral kunlari «Dinamo» mavsumga tayyorgarlikning ikkinchi bosqichida poytaxtda 10 kunlik o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida nazorat bahsida mahalliy klublardan «Lokomotiv»ga yutqazgan bo‘lsa, «Orol» bilan durang o‘ynadi va Tojikistonninng «Regar TadAZ» jamoasini yirik hisobda mag‘lub etdi. Jamoa 12 fevraldan mavsumga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini yana Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazadi va Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston klublariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.
Samarqand klubi 15 fevral kuni RPL yetakchilaridan biri «Lokomotiv» Moskva, 17 fevral kuni Tojikistonning amaldagi chempioni «Istiqlol» Dushanbe, 20 fevralda Qozog‘istonning ko‘p karra chempioni, o‘tgan mavsum Konferensiyalar ligasi ishtirokchisi bo‘lgan «Astana» klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. 22 fevral kungi 4-o‘rtoqlik o‘yinida yana «Lokomotiv» bilan uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.