Do‘konda tozalik bo‘lmagach, go‘shtda sifat bo‘ladimi?
Bu kichik maqola orqali birovning yoqasidan olish yoki yomonlash fikridan yiroqmiz. Hozir karantin payti. Shusiz ham bugungi ahvol odamlarni biroz jizzaki qilib qo‘ygan. Ikkita gap ortiqcha, bitta gap kamlik qilyapti. Ammo unday bo‘ldi, bunday bo‘ldi bilan ish bitmaydi. Gap shundaki, qishloq bozorlaridagi go‘sht do‘konlarining ahvoli talabga javob beradimi? Sotuvchiniki-chi?
Bozorlarda tashkil etilgan go‘sht do‘konlarini bir aylanib ko‘ring, haqiqiy ahvolni bilasiz. Ko‘p do‘konlarning ichki va tashqi tomoni antisanitariya holatida, gigiyenik talablarga javob bermaydi. Muzlatkich yo‘qligidan go‘sht ochiq joyda saqlanmoqda. Xodimlar davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan, maxsus sanitariya kiyim kiymasdan faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mana sizga haqiqiy ahvol. Endi o‘zingiz ayting, go‘sht mahsulotlarini saqlaydigan muzlatkichi bo‘lmagan do‘konni qanday qilib go‘sht do‘koni deyish mumkin? Nahotki, sotuvchi va iste’molchilar do‘konda sanitariya va gigiyena qoidalari buzilayotganligini anglab yetmasa? Gigiyena talablariga rioya etmasdan sotilayotgan bu go‘shtlardan iste’mol qilayotgan aholining yuqumli kasalliklar bilan kasallanmasligiga kim kafolat beradi?
Yuqoridagi holatlar Payariq tumanidagi Nakurt, Dehqonobod, Paxtakor bozorlaridagi go‘sht do‘konlarida kuzatildi. Bu kabi holatni boshqa go‘sht do‘konlarda ham afsuski, uchratamiz.
Gapning dangalini aytadigan bo‘lsak, ayrim tadbirkorlar o‘zlariga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanmasdan, imtiyozni oyoq osti qilayotganligi bor gap. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilingan. Aslida bu qonunlarning ijrosi har birimizga taalluqli bo‘lishi kerak emasmi?
Albatta, bu borada soha mutaxassislari joylarda sanitariya nazoratlarini olib borishmoqda. Ammo qachon natija bo‘ladi, qachon doimiy nazorat o‘rnatiladi?
Husniddin XOLDOROV.