Donetskda harbiylar Ukraina qo‘shinlari pozitsiyalariga qarata javoban o‘t ochmoqda

O‘zini Xalq respublikasi deb e’lon qilgan Donetsk (DXR) xalq militsiyasi Ukraina xavfsizlik kuchlari pozitsiyalariga qarata javoban o‘t ochganini ma’lum qildi.

Avvalroq Ukraina harbiylari bugun ertalabdan Donbassni yirik kalibrli pulemyotlardan o‘qqa tutishni boshlagani haqda xabarlar tarqalgandi. Xabarlarga ko‘ra, bir soat ichida LXR va DXR aholi punktlarini 60 dan ortiq snaryad otilgan. Hujumda granatomyotlar, 82 mm va 120 mm minomyotlar qo‘llangan. Shuningdek, Luganskdagi otishmalardan so‘ng yirik gaz quvuri hamda elektr tarmoqlari zararlangan.

Bu orada Ukraina hukumati Donbassga hujum muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Rossiya qarshi harakatlar amalga oshirgan taqdirda Ukraina prezidenti va Oliy Radani Lvov (Ukraina g‘arbi, Polsha chegarasiga yaqin hudud)ga evakuatsiya qilishga tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.