Dovonda uch kishining hayoti saqlab qolindi
Joriy yilning 25 may kuni taxminan soat 08:25 larda «Qamchiq» maxsus yong‘in qidiruv-qutqaruv boshqarmasiga «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 268-kilometrida, «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishida harakatlangan «HOVO» rusumli yuk mashinasining yo‘l chetida to‘xtab turgan «Damas» rusumli avtomashina orqa qismidan kelib, to‘qnashuv sodir etganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
To‘qnashuv tufayli «Damas» avtomashinasi o‘zidan oldinda to‘xtab turgan «MAN» rusumli yuk mashinasiga urilgan.
FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Damas» avtomashinasining haydovchisi Yu.N hamda ushbu avtoulovdagi yana ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan.
YTHda jabrlangan fuqarolarni o‘z vaqtida qutqarib qolish uchun boshqarma tezkor navbatchi guruhi voqea joyiga zudlik bilan yetib bordi va qutqaruvchilar tomonidan ularga birinchi hamda psixologik yordamlar ko‘rsatilib, Pop tumani markaziy shifoxonasiga yetkazildi.
Xaloskorlarning keskin vaziyatda qabul qilgan to‘g‘ri va tezkor choralari natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yana bir fojeaning oldi olindi.