Dunyo mamlakatlaridagi noodatiy soliqlar

Quyosh va soya uchun soliq olsa bo‘ladimi? Haqiqatan ham Armanistonda chang solig‘i yuritilganmi? Nega Shvetsiyada taksa zotli it mashhur?

Bugun dunyoda mavjud bo‘lgan noodatiy soliqlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Mamlakatni tark etish solig‘i

Bu soliq Yaponiyada o‘rnatilgan. Uni har bir kishi – xoh u mahalliy aholi bo‘ladimi, xoh sayyoh, agar u mamlakatdan chiqib ketayotgan bo‘lsa, to‘laydi. Soliq boshqa davlatga samolyot yoki kemaga sotib olingan chipta to‘loviga kiritilgan. Ushbu soliqni faqat ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar, mamlakatga bir kundan kamroq vaqt o‘tkazgan sayohatchilar, shuningdek, elchilar va diplomatlar to‘lamaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar va bloglar solig‘i

2018 yilda Ugandadagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining har biri kuniga 0,05 dollar, blog uchun esa 1,2 dollar to‘lashi lozim bo‘lgan soliq joriy qilindi. Hukumat mahalliy aholining ijtimoiy tarmoqlardagi haddan tashqari ko‘p mish-mishlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishi bilan kurashish maqsadida ko‘p kuch va mablag‘ talab qilingani sabab ushbu soliqni o‘ylab topdi.

«O‘zgacha» ismlar solig‘i

Shvetsiyada farzandiga g‘ayrioddiy ism qo‘ymoqchi bo‘lgan ota-onalar  soliq to‘laydi. Soliq miqdori taxminan 880-890 AQSh dollarini tashkil qiladi. Muammo shundaki, taqiqlangan ismlarning to‘liq ro‘yxati mavjud emas va «noodatiy» ismni aniqlash mezonlari juda mujmal. Bola 5 yoshga to‘lganda mahalliy soliq idorasi tomonidan tekshiriladi. Mabodo ism g‘ayrioddiy deb topilsa, ota-onalar pul sarflashga majbur bo‘ladi.

Quyosh va soya solig‘i

Mayorka, Ivisa va Menorka kurortlarida oftobda toblanmoqchi bo‘lgan sayyohlar kuniga 1 yevro to‘lashi kerak. Mablag‘lar kurortlar rekonstruksiyasi va ta’minotiga sarflanadi.

Venetsiyada esa soya solig‘i qadimdan ma’lum. Bu soliq ayvoni va peshtaxtalariga soya tushgan sotuv do‘konlari egalari tomonidan muntazam to‘lab kelinadi.

Chang solig‘i

Armanistonda aholi shahar ko‘chalari, hovlilar va boshqa jamoat joylaridagi yo‘l changlarini tozalash uchun soliq to‘laydi. Soliq tozalangan maydonlarnnig kvadrat metriga qarab hisoblanadi.

Itlarga solingan soliq

Dunyodagi ba’zi mamlakatlarda iti bor uy egalari soliq to‘laydi.  Soliqni hisoblash usullari uning mavjudligidan ham qiziqroq: misol uchun Shvetsiyada to‘lov miqdori itning balandligi bo‘ynidagi yag‘rinidan boshlab hisoblanadi. Norvegiyada esa dumini qo‘shmasdan, itning uzunligi hisobga olinadi. Shu sababli bo‘lsa kerak, Shvetsiyada taksa zotli itlar juda ko‘p.

Dam olish va o‘yin-kulgi solig‘i

Hindistondagi ko‘ngilochar va sport tadbirlari chiptalari majburiy to‘lovni o‘z ichiga oladi. Dam olishni istaysizmi – marhamat davlat xazinasini to‘ldiring. Ilgari soliq chipta narxining 110 foizigacha bo‘lishi mumkin edi, ammo 2017 yildan boshlab u tartibga keltirildi. Endi maksimal to‘lov 28 foizdan oshmaydi.

Bahora tayyorladi.