Dunyo qisqa satrlarda: Rossiya Afrikaga bepul g‘alla beradi, Yevropa Ittifoqi esa 2 million yevro ajratadi
“Agar Vagner bilan jiddiy hodisalar yuz bersa, biz Belarusni butunlay izolyasiya qilamiz”, - Polsha ichki ishlar vaziri Kaminskiy.
Rasmiy, shuningdek, bu holatda Litva va Latviya ham Belarus bilan chegaralarini yopishini aytdi.
***
"Sanksiyalarga qaramay, Buyuk Britaniya rossiyalik oligarxlarga muzlatilgan hisob raqamlaridan pul sarflashga ruxsat bermoqda", deb yozadi The New York Times.
"Pul milliarderlarga muzlatilgan hisoblardagi aktivlarning bir qismidan foydalanishga ruxsat beruvchi litsenziyalar asosida berilmoqda. Ba’zi hollarda tadbirkorlar yiliga million dollardan ko‘proq pul sarflashga muvaffaq bo‘lishmoqda", deyiladi xabarda.
***
The Wall Street Journal: Ukraina qarshi hujumining sekin sur’atlarda kechishi G‘arbda mojaroga barham berish bo‘yicha muzokaralar bu yil bo‘lib o‘tishiga shubha uyg‘otmoqda.
***
Armanistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar bo‘lib turibdi.
O‘tgan yili 110 mingga yaqin rossiyalik Armanistonga ko‘chib o‘tdi, buning natijasida xorijiy investitsiyalar oqimi 172 foizga oshgan.
***
Ukraina Yevropaning eng yirik qurol ishlab chiqaruvchisiga aylanmoqchi.
“Ukraina erkin dunyoning qurol arsenaliga va oddiy urush bo‘yicha mutaxassisga aylanadi”, - degan sanoat vaziri Kamishin.
***
Yevropa Ittifoqi Lotin Amerikasida «demokratiyani rivojlantirish» uchun 2 million yevro ajratadi.
Pullar Panama, Kosta-Rika, Dominikan Respublikasi va Ekvador davlatlariga yo‘naltiriladi. Dastur uch yilga mo‘ljallangan.
***
Rossiya Afrikada Ukraina donining o‘rnini to‘ldirishga tayyor. Bu haqda prezident Vladimir Putin Rossiya-Afrika forumidagi nutqida aytib o‘tgan.
Xususan, rekord darajadagi hosil yig‘ilishi fonida RF Burkina-Faso, Zimbabve, Mali, Somali, MAR, Eritreyaga 25-50 ming tonnadan donni beg‘araz va bepul yetkazib berishga tayyor.