Dunyo voqealari qisqa satrlarda: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi qoldirildi. Qirg‘izistonda jinoyatchi 720 ta uyini davlatga topshirdi
🔻 G‘azo sektorida Isroil va HAMAS tomonidan kelishilgan sulh 24 noyabrga qoldirilgan. Jarayonning kechikishi sabablari aniq emas.
🔻 Finlyandiyaning Rossiya bilan chegaralari yopilganligi sababli Murmansk viloyatida yuqori ogohlantirish rejimi joriy etildi. Region rahbari nazorat-o‘tkazish punktida xorijliklar soni ko‘payganini ma’lum qilgan. U yerda 400 ga yaqin odam bo‘lib, atigi 50 nafariga Finlyandiyaga kirishga ruxsat etilgan va bu qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rishga turtki bo‘lgan degan rasmiy.
🔻 Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilishdan bosh tortdi. Mamlakat hukumati NATOga Shvetsiyaning a’zolik haqidagi arizasini 28-29 noyabr kunlari Bryusselda alyans davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishigacha ratifikatsiya qila olmasligi haqida ma’lum qildi.
🔻 Hindiston harbiy-havo kuchlari noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi xabarlardan so‘ng ikkita qiruvchi samolyotini havoga ko‘tardi. Qayd etilishicha, NUJlar Imfaldagi xalqaro aeroport hududida aniqlangan.
🔻 Rossiya oxirgi olti hafta ichida 36 ming askarini yo‘qotdi. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov ma’lum qildi. Uning aytishicha, Mudofaa kuchlari kuchli flot bo‘lmagan taqdirda ham Rossiya harbiy kemalarini Qora dengizdan haydab chiqargan va asta-sekin erkin dengiz harakatini tiklamoqda.
🔻 Nyu-Yorkda gruziyalik jinoiy guruhning to‘rt nafar a’zosi qo‘lga olindi, ularga tovlamachilikda ayblov qo‘yilgan.
🔻 Rossiya Davlat Dumasi rekord darajadagi harbiy xarajatlar byudjetini qabul qildi. Hukumat barcha mablag‘larning uchdan bir qismini urushga sarflash rejalaridan voz kechmagan.
🔻 Ukrainada tarixda birinchi marta ayollar konga ishga olina boshladi. Rossiyaga qarshi kurashayotgan bir paytda, Ukraina konlari og‘ir ishlarga ayollarni faol ravishda jalb qilmoqda. Aytilishicha, hozirda 20 ming konchidan 3 mingga yaqini frontda jang qilmoqda.
🔻 Turkiya prezidenti turk lirasining qadrsizlanishi to‘xtaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, lira tez orada kuchayishi mumkin.
🔻 Argentinaning Rosario shahrida noma’lum shaxslar futbolchi Lionel Messining rafiqasi Antonella Rokuszoga tegishli bo‘lgan Unico do‘konini o‘marishdi. Ular do‘konga tegishli mashina oynalarini sindirib, ikki qop pulni olib, mashinaga qarata o‘q uzgan va qochib qolishgan.
🔻 Qirg‘izistonda kriminal boshliq Qamchi Ko‘lboyevning 720 ta kvartirasi ixtiyoriy ravishda davlatga o‘tkazildi.