Xorij voqealari qisqa xabarlarda: HAMAS kelishuv shartlaridan qoniqmayapti. AQSh Eronga harbiy zarba berishga shama qildi
🔻 HAMAS garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha potensial kelishuv shartlaridan qoniqmayapti. “Al-Arabiya” manbalarga ko‘ra, “HAMAS ozod qilinishi kerak bo‘lgan falastinlik mahbuslar sonini ko‘paytirmoqchi”, deyiladi xabarda.
🔻 Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqdi, deb xabar qildi prezident Toqayev matbuot xizmati. Sababi keltirilmagan.
🔻Amerikaning amaldagi rahbari Jo Baydenning tashqi siyosati mamlakatni Uchinchi jahon urushiga olib bormoqda. Bu haqda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp OAVga bergan intervyusida aytadi. “Mamlakatimiz tartibsiz, chegaralarimiz ochiq va xavfsiz emas. To‘qqiz oy uchinchi jahon urushini boshlash uchun yetarli muddat va imkoniyat”, — degan Tramp. U, shuningdek, Eron yaqin ikki oy ichida yadro quroliga ega bo‘lishidan ogohlantirgan.
🔻 Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda Eronga aloqador qurolli kuchlarga qarshi amalga oshirilgan harbiy zarbalar Amerika javob choralarining “boshlanishi” ekanligini ma’lum qildi. Mamlakatning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Iroq va Suriyada 85 ta nishonga hujum qilinganidan keyin Eronga zarbalar berilishini istisno qilishdan bosh tortdi.
🔻Kareliyadagi Onega ko‘liga Mi-8 vertolyotining qulashi oqibatida uch nafar favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi halok bo‘lgan.
🔻AQSh Ukrainaga 60 milliard dollar ajratdi.
Bundan tashqari AQSh Senati taqdim etgan 118,28 milliard dollarlik murosa qonun loyihasiga: 20,2 milliard dollar - chegarani himoya qilish uchun; 14,1 milliard dollar - Isroilga; G‘azo, G‘arbiy Sohil va Ukrainaga insonparvarlik yordamiga - 10 milliard dollar; Hind-Tinch okeani mintaqasida "Xitoyni ushlab turish" choralari uchun - 4,83 milliard dollar ajratish ko‘zda tutilgan.
🔻 O‘tgan haftadan beri davom etayotgan Chilidagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 112 kishiga yetdi, 15 ming uyga zarar yetgan.
🔻 Turkiyada yillik inflyasiya 65 foizga yaqinlashdi. Yanvar oyida iste’mol narxlari indeksi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 6,7 foizga oshgan. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan eng kam o‘sishni ko‘rsatgan asosiy guruh kiyim va poyabzal narxi bo‘lsa, eng katta o‘sish restoran va mehmonxona narxlarida belgilangan.