Dunyoda o‘xshashi yo‘q ilmiy markaz va hadis maktabi

Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazi va unga yondosh joylashgan Hadis ilmi maktabi Imom Buxoriy va boshqa musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni islom dinining asl qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro hamkorlik va muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu tariqa dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan ilmiy merosimiz qayta jonlanib, yangilanayotgan ilm dunyosida o‘z so‘zini aytadi.

Imom Buxoriy ilmiy-tad­qiqot markazini tashkil etish taklifini ilk bor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida ilgari surgan edi. Qisqa fursat ichida ish boshlagan markaz faoliyati bilan tanishish kishiga ilohiy qudrat bag‘ishlaydi.

– Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun musulmon dunyosida noyob bu markaz islom dinining asl mohiyatini, uning falsafasini keng targ‘ib qilish, ilmiy boyitishga salmoqli hissa qo‘shgan allomalarimizning so‘nmas merosi timsolida tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan. – Bunga markaz binosini milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etishda ham alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz takliflari bilan, avvalo, binoga kirish foyesida ulkan gumbaz qurilib, uning ichki tomoniga Qur’oni karimning birinchi nozil bo‘lgan oyatlari, ya’ni "Alaq" surasining besh oyati yozildi. Bu oyatlarning uchtasida payg‘ambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vassallamga "O‘qing" deb murojaat qilingan. Bu ushbu dargohga kirgandanoq uning mazmun-mohiyatini ifoda etib, markazning ilmu urfon, ziyo markazi ekanligini namoyon etadi. Shuningdek, gumbazda Imom Buxoriy hazratlarining "Al-jome’ as-sahih" kitoblarida keltirilgan birinchi – "Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liqdir", degan hadisi bitildiki, bu markazning tashkil etilishi bizning ezgu niyatlarimiz bilan bog‘liq, degan ma’noni ifodalaydi. Buyuk ajdodlarimizning ruhini shod etish, fayzli O‘zbekistonimizning muborak zaminida makon topgan hayotiy bilimlarni yana shu’lalantirish bizning ezgu niyatlarimizdir.

Markazda tashkil etilgan muzeyga kirgan kishi asl ilm manbaidan kuch olishi tabiiy, o‘zingizni ruhan poklangandek sezasiz. Muzey markaziga "Sahihi Buxoriy" kitobining qadimiy qo‘lyozma nusxasi va buyuk muhaddisning ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob asarlarining nusxalari qo‘yilgan.

Imom Buxoriy hazratlari o‘z­larining ilmiy safarlari chog‘ida Bag‘dodda hadis ilmi bilan shug‘ullanib, mukammal hadislar to‘plamini yaratgani va ularni yod olganlariga Bag‘dod ulamolari shubha bilan qaraydi. Shu sababli ular Imom Buxoriyni taklif etib, u kishining ilmlarini sinovdan o‘tkazishadi. Muzey to‘ridagi devorda ishlangan suratda ushbu jarayon aks ettirilgan bo‘lib, bu mazkur maskanga kelgan kishi qalbida buyuk muhaddis bobomiz bilan faxrlanish tuyg‘usini jo‘sh urdiradi.

Markazda allomalarning bebaho merosini o‘rganishda o‘ziga xos maktab yaratgan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulug‘ faqihlar Burhoniddin Marg‘inoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining buyuk mutafakkirlari Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlar boy merosini alohida-alohida o‘rganish va ilmning shu sohalari bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan. Bu borada xorijdagi nufuzli xalqaro ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib boriladi.

– Hozirgacha dunyoning 14 yetakchi islom tadqiqot markazi, universitetlar bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Shovosil Ziyodov. – Bundan tashqari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSh, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Malayziyaning Islom ilmlari universiteti, Islom sivilizatsiyasi instituti, Islomni anglash instituti bilan buyuk allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish yo‘nalishida kelishuvlarga erishildi, Saudiya Arab­istonining Podshoh Abdulaziz universiteti, Sunnat va nabaviy merosni o‘rganish markazi bilan xorijda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarning nusxalarini olish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni tadqiq qilish, xalqimiz, keng jamoatchilikka ushbu merosning boy ma’naviy-ma’rifiy asoslarini yetkazish maqsadida Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Hadis ilmi maktabi oliy diniy ta’lim muassasasi tashkil etildi. Bu maktabda o‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladigan maktabga arab tili va hadis fanlarini o‘zlashtirgan, mumtoz matnlarni o‘qiy oladigan hamda ularni yod olishga salohiyati bo‘lgan 5-10 nafar O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar fuqarolari suhbat asosida saralab olinadi.

– Tarixdan ma’lumki, zaminimizda uzoq o‘tmishda islomiy ilmlarni o‘rgatuvchi maktablar shakllangan, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov. – Masalan, Samarqandda hadis ilmi, Qarshida kalom ilmi, aqida ilmi, Marg‘ilonda fiqh ilmi, Buxoroda tasavvuf ilmi maktabi bo‘lgan. Mana, oradan bir necha asr o‘tib tashkil etilayotgan ushbu markazlarda zamonamizning buxoriylari, nasafiylari, marg‘inoniylari yetishib chiqishi kerak. Va inshooloh, bu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqgay.

Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy jabhada erishayotgan yutuqlarimiz jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan O‘zbekistondek muqaddas zaminda bugun ham buyuk ilm-fan sohiblari yetishib chiqayotgani, ular, albatta, ezgulikka xizmat qilishidan dalolatdir.

G‘olib HASANOV.