Dunyodagi g‘alati muzeylar haqida bilasizmi?

Dunyoda turli xil eksponatlar, san’at asarlari va asosan madaniy qadriyatlarni namoyish etadigan ko‘plab muzeylar bor. Biroq noodatiy muzeylar ham mavjud bo‘lib, ularda mehmonlar oddiy san’at asarlarini emas, ajib narsalarni topadilar. Bugun aynan shu muzeylar haqida so‘z yuritamiz.

Shokolad muzeyi. Kyoln, Germaniya

Kyolnda “mazali” muzey bor. U shokolad muzeyi. Ekspozitsiyalar yevropaliklar kakao loviyasini qanday qilib kashf etgani va undan nimalar kelib chiqqanligi, fabrikalarda shokolad ishlab chiqarilishi, uning navlari va hattoki shokoladdan qanday idishlar tayyorlash mumkinligi haqida hikoya qiladi.

Makaronlar muzeyi. Rim, Italiya

Музей макарон, Рим, Италия

Rim makaron muzeyi nafaqat o‘z-o‘zidan qiziqarli, balki mashhur taomlar haqida g‘ayrioddiy ma’lumotlar bilan ham hayratga soladi. Boshqa yangiliklar bilan bir qatorda mehmonlar makaronlar italiyaliklarning asosiy ixtirosi emasligini bilib olishadi, chunki shunga o‘xshash taomlar boshqa xalqlarga ham ma’lum bo‘lgan.

Aravalar muzeyi. Lissabon

Lissabonda bo‘lib, Portugaliya poytaxtining eng mashhur muzeyi – “Milliy aravalar muzeyi”ga tashrif buyurmaslikning iloji yo‘q. U joylashgan bino 1787 yilda knyaz Xuan tomonidan qurilgan bo‘lib, ushbu transport tarixi bilan uzviy bog‘liq. Muzeyda 70 aravadan iborat asosiy ko‘rgazmadan tashqari restavratsiya ustaxonasi, 330 kishiga mo‘ljallangan auditoriya, kutubxona, arxiv va sovg‘alar do‘koni uchun joy ajratilgan.

Tirik kapalaklar muzeyi. Sankt-Peterburg

Hamma joyda uchib yuradigan chiroyli kapalaklar bilan to‘ldirilgan bu g‘ayrioddiy muzeyda mehmonlar o‘zini haqiqiy tropik jannatga tushganday his qiladi. Bu yerda tropik iqlim saqlanib qolingan bo‘lib, harorat +28 daraja, namlik esa 70 foizga tenglashtirilgan.

Fragonar atirlari Muzeyi

Parijning turli muzeylari orasida, e’tirofga loyiq yana bir, nisbatan yosh bo‘lgan ajoyib muzey bor. Parij markazida joylashgan Grand Operadan unchalik uzoq bo‘lmagan masofada, Fragonar fabrikasi atirlari muzeyi tashkil etilgan. Mazkur muzeyda atir ishlab chiqarilishi tarixi to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar beriladi va bu uchun mablag‘ olinmaydi. Shuningdek, u yerda, o‘tgan asrlarda atir ishlab chiqarish uchun foydalanilgan uskunalar mavjud. Devor bo‘ylab namunalar saqlanadigan javonlarda, shisha idishlarda turli namunalar terib quyilgan.

Yolg‘on muzeyi. Germaniya

Germaniyaning Kyurits shahridagi bu muzey direktori barcha eksponatlar soxta ekanligini yashirmaydi. O‘tmishda u, ayniqsa, san’atda haqiqat va yolg‘onning chegarasi juda nozik, deb hisoblaydigan taniqli nemis rassomi edi. Aynan shu fikr uni bu muzeyni yaratishga undadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.