Dunyodagi g‘aroyib daraxtlar

#Ӯqing_qiziq!

Daraxtlar dunyosi juda boy va xilma-xildir. Ba’zida biror bir manzara tasviriga nazar tashlasak, u bizga rassomning ilmiy fantastika filmi yoki kitobi uchun chizilgan ixtirosi bo‘lib tuyulgandek bo‘ladi. Shubhasiz, daraxtlarning har bir turi o‘ziga xos tarzda noyobdir, biroq 100 mingdan ortiq navlar orasida chinakam g‘ayrioddiy vakillar borki, ularning yonidan hayratlanmasdan o‘tib bo‘lmaydi. Ushbu maqoladan g‘ayrioddiy shakllari, gullari yoki mevalari bilan ajralib turadigan ajoyib daraxtlar haqida bilib olamiz.

Banyan

Hindistonda o‘sib borgani sari haqiqiy o‘rmon hosil qiladigan daraxt bor. Banyanning markazida joylashgan asosiy qalin tanasidan bir necha yirik novdalar chiqib ketib, ulardan o‘sgan ingichka kurtaklar yerga qarab cho‘ziladi,  yetib olib, ildiz otadi va kenglikda o‘sa boshlaydi. Asosiy tananing o‘lchamiga teng bo‘lgach, bu kurtaklar shoxlana boshlaydi. Eng qadimgi banyan uch ming yildan ko‘proq vaqt davomida yashab kelmoqda, uning balandligi 60 metrga yetadigan 3 mingga yaqin yupqa va 3 ming enli tanalari mavjud.

Kolbasali daraxt

Ekvatorial Afrikaning savannalari bo‘ylab yurib, o‘pka-jigar kolbasasiga o‘xshash mevalari bo‘lgan baland daraxtlarga duch kelish mumkin. Mazali ko‘rinishiga qaramay, ular iste’molga yaroqsiz. Mahalliy aholi kageliya deb nomlanadigan foydali daraxtlarning quritilgan mevalaridan yoqilg‘i va bo‘yoq oladi, urug‘lari esa tibbiyotda qo‘llaniladi. Aborigenlar daraxt mevalarini suvga solib, yovvoyi asalari asali qo‘shib, undan salqin ichimlik tayyorlaydi.

Hayot daraxti

U 400 yildan ortiq vaqtdan beri Bahrayn cho‘lida o‘sadi va ko‘p kilometrlik masofadagi yagona tirik o‘simlik hisoblanadi. Ajablanarlisi, dukkakli meskit (mesquite) daraxti to‘g‘ridan-to‘g‘ri suvdan bemalol foydalana olish imkoniyatiga ega emas. Olimlar uning qanday omon qolishi haqida bosh qotiromoqda: ular daraxt ildizlari yerga shunchalik chuqur kirib borganki, hali aniqlanmangan yer osti daryosiga yetib borgan bo‘lishi mumkin, deydi. Boshqa bir taxmin fanga noma’lum bakteriyalar Hayot daraxtiga namlikni tuproqdan chiqarib berishi haqida so‘zlaydi.  Cho‘lning barcha sharoitlariga qaramay, bu yolg‘iz akatsiya o‘sishda davom etmoqda va sayyohlar uchun mashhur diqqatga sazovor joylarning biriga aylangan.

Ajdaho daraxti

Qizil dratsena sifatida ham tanilgan bu daraxt Hind okeanining Sokorta orolida o‘sadi. Tashqi ko‘rinishidan o‘simlik ochilgan katta soyabonga o‘xshaydi. Ajdaho daraxti o‘z nomini mahalliy aholi tomonidan juda qadrlanadigan qon-qizil rangli sharbati tufayli oldi. U erta bahorda gullab, igna shaklidagi novdalarida oq yoki och yashil rangdagi xushbo‘y popuk gullar paydo qiladi.

Inson yaratgan mo‘’jiza

Amerikalik rassom bitta daraxtda 40 dan ortiq turli xil danakli mevalarni yetishtirishiga muvaffaq bo‘ldi. Shubhasiz, bunday mo‘’jiza har qanday meva shinavandasini quvontirishi bor gap. Bahorda daraxt pushti, nilufar, oq, malina va binafsha kabi turli xil rangdagi gullar bilan ko‘zni yayratadi va yozda meva beradi. Fazalarning o‘zgarishi kaleydoskopni eslatadi. Hozircha daraxtlar kichik, ummo ular allaqachon shaxsiy kolleksiyalar va muzeylarda yetishtirilmoqda.

 “Zambarak o‘qi”

O‘simlikning nomi g‘ayrioddiy mevalardan kelib chiqqan bo‘lib, tashqi ko‘rinishi to‘pga o‘xshaydi. Daraxt juda serhosil: har yili o‘simlik deyarli butun tanani qoplab, diametri 20 santimetrdan iborat ikki yuzdan ortiq yadro hosil qiladi.

Daraxtga yaqinlashish, uning ostida turish qat’iyan man etiladi: og‘ir mevasidan boshga kuchli zarba olish xavfi juda katta. Pastga tushganida parchalanib, kar bo‘ladigan darajada shovqin chiqaradi. Mevasining rangsiz suyuqligi, quyoshda ko‘k rangga aylanadi va juda yoqimsiz hid tarqatadi. Bu hid allergik reaksiyaga olib kelishi mumkin.

***

Butun dunyo bo‘ylab son-sanoqsiz daraxtlar o‘sadi. Biz faqat yonimizdagilarga o‘rganib qolganmiz, ularga o‘xshamaydiganlari esa g‘alati tuyuladi. Ularni ko‘rganimizda hayratlanamiz yoki befarq o‘tib ketaveramiz. Shubhasiz, har bir daraxt - tabiatning o‘ziga xos durdona asaridir va biz bu tabiiy sanitarlar chiroyidan nafaqat zavqlanishimiz, balki ularni asrab-avaylashimiz ham kerak.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.