Dunyoga keltirib, dunyo topmoqchi bo‘lganlar...
Jinoyat huquqida ayrim qilmishlar mavjudki, bunday toifadagi jinoyatlar nafaqat jamiyatning kriminogen vaziyatiga, balki ma’naviy va madaniy muhitga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shubhasiz, “Odam savdosi” bilan bog‘liq jinoyatlar ham shunday toifadagi jinoiy qilmishlar toifasiga kiradi. Chunki odam savdosi bilan bog‘liq qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatning demokratik negizlariga tajovuz qilib, milliy xavfsizlikka tahdid soladi.
Jinoyat ishlarini tahlil qilish davomida aniqlanishicha, sudlar tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlaridan “Odam savdosi”ning quyidagi shakllari kuzatilgan:
1) Jinsiy ekspluatatsiya ob’yekti sifatida ayollar savdosi;
2) Majburiy mehnatning ob’yekti sifatida odam savdosi;
3) Bolalar savdosi.
Misol uchun, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudining 2019 yil 23 avgustdagi hukmiga ko‘ra, G. va Sh.lar O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, ularning har biriga shu modda bilan JKning 57-moddasi qo‘llanib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, 2019 yil 12 iyul kuni Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i nomiga “N” ismli shaxs ariza bilan murojaat qilib, Yangiyer shahrida yashovchi Sh. va G. birgalikda G.ning tug‘ilajak farzandini ma’lum bir miqdordagi pul evaziga sotmoqchi bo‘layotgani, shu sababli G. va uning tug‘ilajak farzandini sotishga yordam bermoqchi bo‘layotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan 2019 yil 18 iyul kuni soat 10:00larda Sirdaryo viloyati IIB TEQKB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sirdaryo viloyati, Guliston tumani Yulduz mahallasida joylashgan “Delfin” nomli kafening ro‘parasida sudlanuvchilar G. va Sh.lar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh shaxs bo‘lib, sudlanuvchi G.ning 2019 yil 16 iyul kuni tug‘ilgan, o‘ziga qaram bo‘lgan voyaga yetmagan qizi M.ni o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligini bila turib, tadbirga jalb qilingan A.ga 3 million so‘m pul evaziga sotishayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlangan.
Bunday toifadagi jinoiy qilmishlar biz, sudlarga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda keng jamoatchilikni jalb qilgan holda, mazkur toifadagi ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishining oldini olish va fuqarolarda ijobiy-ijtimoiy dunyoqarashni shakllantirish borasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni taqozo etadi.
A.KURAMATOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi.