Dunyoning eng boy odamlari yig‘ilgan kema: Bugun «Titanik» halokatga uchragan kun
«Titanik» - XX asr boshidagi eng yirik yo‘lovchi kemasi, Britaniyaning «White Star Line» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan uchta egizak paroxodning ikkinchisi edi. Uning uzunligi taxminan 269 metr, kengligi - 28,2 metr, suv o‘tkazuvchanligi - 46,3 tonnadan ortiq, taxminiy maksimal tezligi - soatiga 42-44 kilometr bo‘lgan. O‘shanda jurnalistlar uning uzunligini uchta shahar hududi, balandligini esa 11 qavatli binoga tenglashtirishgan.
«Titanik» 3320 kishini o‘z bag‘riga sig‘dira olgan. Kapitan Edvard Jon Smit boshchiligidagi layner ekipaji 885 kishidan iborat edi.
1911 yil 31 mayda «Titanik» suvga tushirildi. O‘n oy o‘tgach, 1912 yil 2 aprelda kema dengiz sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Dastlabki safarini amalga oshirayotgan «Titanik» bortida 2224 kishi bo‘lgan. Ushbu reysga chipta olganlar umumiy sonining chorak qismi birinchi darajali yo‘lovchilar, ya’ni, juda badavlat odamlar edi. Laynerda millionerlarning yuzlab million dollarlik tilla va zargarlik buyumlari bo‘lgani alohida ta’kidlangan. «Titanik»da» amerikalik sanoatchi, konchilik magnati Benjamin Guggenxaym vorisi, amerikalik millioner va ixtirochi Jon Jeykob Astor yosh rafiqasi bilan, AQSh prezidentlarining harbiy yordamchisi Teodor Ruzvelt va Uilyam Xovard Taft Archibald Uillingem Batt, AQSh kongressi a’zosi Isidor Shtraus, aktrisa Doroti Gibson sayohatga chiqishgan. «Titanik» badavlat Margaret Braun, britaniyalik modeler Lyusi Kristian Daff Gordon va o‘sha davrning boshqa ko‘plab mashhur va boy odamlarni «bag‘riga olgan» edi.
11 aprel kuni kema Yevropadagi oxirgi rejalashtirilgan to‘xtashini Kuinstaun shahrida amalga oshirdi va shu kuni Nyu-Yorkka jo‘nab ketdi. Sayohat paytida havo ochiq, dengiz tinch edi.
14 aprel kuni to‘rt kunlik tinch suzgandan so‘ng, Macroni simsiz telegrafiga ega bo‘lgan «Titanik» boshqa kemalardan marshrut hududida aysberglar borligi haqida xabar olgan. Kapitan «Titanik» yo‘nalishini biroz o‘zgartirib, uni janubga, keyin g‘arbiy tomonga buradi. O‘sha kuni kechqurun layner aysberglar joylashgan hududga yaqinlasha boshlaydi. Harorat tushdi va kechqurun to‘qqizda noldan bir daraja edi. Osmon yulduzli, lekin oy yo‘q edi. Yaqinlashib kelayotgan xavfga qaramay, layner 22,5 tugun tezlikda harakatlanardi.
Soat 22:55 da yaqin atrofdagi «Californian» (“Kaliforniya”) kemasidan o‘rab turgan zich muz tufayli to‘xtashga majbur bo‘lgani haqida xabar keladi. «Titanik»ning yo‘lovchi xabarlari bilan shug‘ullanuvchi radio operatori maxsus kod bo‘lmagani sababli ogohlantirishni shoshilinch emas deb hisoblaydi va uni kapitanga yetkazmaydi.
Taxminan soat 23:40 da kuzatuvchilar layner qarshisida aysbergni ko‘rib, ogohlantirish qo‘ng‘irog‘ini bosadi va bu haqda ko‘prikka xabar beradi. Birinchi yordamchi kemani chapga burish buyrug‘ini beradi. «Titanik» burila boshlaadi, ammo manevrni yakunlashga ulgurmaydi. Aysberg juda yaqin edi va laynerning yon tomoniga uriladi. Kemaning oltita suv o‘tkazmaydigan bo‘limi shikastlanib, dengiz suvi bilan to‘la boshlaydi. Ular to‘lgan sayin laynerning yoyi tobora pastga tushib, kema suvga to‘la boshlaydi.
O‘shanda ayrim kemalar falokat signaliga javob berishgan, biroq ular juda uzoqda bo‘lgan. «Titanik» nisbatan yaqin bo‘lgan va tungi radiosi o‘chirilgan «Kaliforniya» kemasi bilan bog‘lana olmagan.
02:10 ga kelib «Titanik»ning orqa qismi suvdan to‘g‘ri burchak ostida ko‘tariladi. Bir necha daqiqadan so‘ng chiroq o‘chadi. Keyin kema ikkiga bo‘linadi. 15 aprel kuni soat 02:20 da «Titanik» to‘liq cho‘kib ketadi. Yuzlab yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari muzdek suvga g‘arq bo‘la boshlaydi. Cho‘kib ketish xavfi ostida yaqin orada suzib yurgan shlyupkalar odamlarni qutqarish uchun yaqinlasha olmagan. Ma’lum vaqt o‘tib, ayrim shlyupkalar qaytganda aksariyat odamlar muzlab bo‘lishgan edi.
Halok bo‘lganlar soni, turli manbalarga ko‘ra, 1400 dan 1523 kishigacha. «Titanik» bilan birga uning kapitani ham, bosh konstruktori ham, layner hayotining so‘nggi daqiqalarigacha chalishda davom etgan sakkiz nafar orkestr a’zolari ham halok bo‘ladi.
Halokatga uchragan «Titanik» kemasi 1985 yil 1 sentyabrda amerikalik dengiz arxeologi Robert Bollard va uning fransuz hamkasblari Kanadaning Nyufaund oroli xalqaro suvlari qirg‘oqlaridan topmagunicha dengiz tubida shundayligicha qolgan. 1985 yildan beri «Titanik» vayronalari orasidan topilgan besh mingga yaqin artefaktlar chiqarib olingan. Ko‘plab suv osti kemalari kema qoldiqlarini ko‘rishgan, suv osti kemalari u yerga sayyohlarni yetkazish bilan shug‘ullangan. 2000 yilda AQSh sudi «Titanik»dan har qanday elementni olib chiqishni taqiqladi. 2012 yilda YuNESKO «Titanik» halokatini suv osti madaniy merosi sifatida himoyasiga oldi.
Mashhur layner haqida o‘nlab kitoblar, yuzlab maqola va ocherklar yozilgan, filmlar suratga olingan.
G.Xoldorova tayyorladi.