DXA 4 yil: Nimalar qilindi, nimalar qilinishi kerak?

O‘tgan yilning o‘n bir oyida viloyatimizdagi davlat xizmatlari markazlariga 500 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilning ortda qolgan davrida 650 mingdan ziyod murojaat qayd etildi. Markazlarda fuqarolar kundalik hayotida zarur bo‘lgan 160 turdan ortiq davlat xizmatlaridan ortiqcha ovoragarchiliksiz, yashash joyidan qat’iy nazar, eksterritorial tamoyil asosida foydalanishi, murojaati bo‘yicha bepul huquqiy maslahatlar olishi mumkin.

Mazkur xizmatlar viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda zamon talablari asosida bunyod etilgan 16 ta davlat xizmatlari markazlari, ularning olis hududlardagi 8 ta filiali orqali ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, 22 ta FHDYo bo‘limi, 1 ta nikoh uyi va 1 ta FHDYo arxivi xalq xizmatida. Bundan tashqari, viloyat aholisining davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda tuman markazlaridan 100 kilometrlab uzoqlikda joylashgan qishloqlardagi 31 ta pochta aloqa bo‘limlarida ham elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga samarali, tezkor va aniq xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida joylarda davlat xizmatlari filiallari tashkil etilishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning izchil amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda viloyatda tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari bilan birga filiallarning ham xizmat ko‘rsatayotgani tuman markazlaridan uzoq masofada joylashgan aholi yashash joylaridagi fuqarolar, tadbirkorlarga yengillik yaratmoqda. Eng muhimi, bugun nafaqat markazlarda, balki qishloq joylarda ham davlat xizmatlaridan foydalanish borasida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

Jumladan, Nurobod davlat xizmatlari markazi misolida olib qaraydigan bo‘lsak, tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 17 mingga yaqin murojaatlar bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Murojaatlar mazmunini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning asosiy qismi pensiya (nafaqa) haqida ma’lumotnoma olish, bolalarni davlat makatabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo‘yish, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turish yoki turmasligi haqidagi ma’lumotnoma, kadastr pasportini shakllantirish bilan bog‘liq muammolardan iborat ekanligi ayon bo‘ladi.

Tuman viloyatning chekka va hududi katta tumanlaridan biri. Bugungi kunda Nurobod aholisi 150 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Hududi dashtlardan iborat bo‘lgani uchun aholi ham tarqoq joylashgan. Eng uzoq hududlargacha bo‘lgan masofa 100 kilometrga yaqinni tashkil etadi. Shu bois, tumanning uzoq hududi – Sahoba mahallasi hududida davlat xizmatlari markazi filiali tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad aholining uzog‘ini yaqin qilish hamda ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olishdan iborat. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Nurobod tumani davlat xizmatlari markazining Sahoba filialida joriy yilning 11 oyi davomida 600 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning barchasiga tegishli tartibda xizmat ko‘rsatilgan. Eng muhimi, shuncha fuqaro tuman markaziga kelib-ketish xarajatlarini tejab, o‘z yashash hududida turib xizmatdan foydalandi va muammosi hal bo‘ldi.

Aytish lozimki, davlat xizmatlarining turi va ko‘rsatilish reglamenti ham tizimli ravishda qisqartirilayotgani aholiga yanada qulaylik yaratmoqda. Buni birgina FHDYo bo‘limlari faoliyatiga tatbiq qilingan kompozit xizmatlar misolida ko‘rish mumkin. Viloyat aholisi birgina tug‘ilishni qayd ettirish orqali farzandini bolalar poliklinikasiga ro‘yxatga qo‘yish, turar joyi bo‘yicha hisobga olish, bir martalik nafaqa pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish xizmatlaridan bir vaqtning o‘zida foydalanayotganidan mamnun. Ayni qulaylik ularni 4-5 ta idoraga borishdan, ortiqcha vaqt va pul sarflashdan xalos qilmoqda.

Viloyatning barcha hududlarida o‘tkazib kelinayotgan “Markaz-mahalla-fuqaro” tamoyili, “O‘zimiz keldik”, “Siz kelmang, o‘zimiz boramiz”, “Davlat xizmatlari mahallada” singari turli aksiya va loyihalar orqali eng chekka hududlarda ham tizimli ravishda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilib, fuqarolarga bepul huquqiy yordam berilishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 20 188 dan ortiq davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatildi. 900 yuzdan ziyod tadbirkorlik sub’yektlari sayyor tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

Raqamlarni solishtiradigan bo‘lsak, 2018 yil davomida viloyatimizda yangi tizim orqali jami 478 678 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich bir necha barobarga oshdi, ya’ni o‘tgan 9 oyning o‘zidayoq fuqarolarga 592 614 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Tahlillar bir kunda viloyatdagi davlat xizmatlari markazlari o‘rtacha 2 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatayotganini ko‘rsatmoqda. Viloyatimizning olis hududlarida ochilgan filiallar tomonidan esa o‘tgan 4 yil davomida 10 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. 

Maqsud Qurbonov,

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i.