DXA: 6 oyda 5 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Bu haqda DXA Samarqand viloyat boshqarmasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, boshqarmaning davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar, monitoringlar natijasida joriy yilning 6 oyi davomida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 5 099 ta qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

- Shundan, 4 663 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan,  - deydi bo‘lim boshlig‘i S.Davronov. - 29 holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 91 holatda ortiqcha hujjat talab qilib olingan, 203 holatda murojaatlar asossiz rad etilgan va 113 holatda boshqa qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 27 ta taqdimnoma va 315 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, 143 nafar aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, 82 nafarining intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi. 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 

Buni sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p qonunbuzilish hollari asosan Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, 6 oy davomida 1 364 ta murojaatga befarqlik bilan qaralgan. “Samarqand suv ta’minoti” MChJ va uning filiallari 913 ta, davlat soliq idoralari 488 ta, sog‘liqni saqlash muassasalari 497 ta, qurilish va arxitektura idoralari 258 ta, “O‘zbekenergo” AJ 254 ta, “O‘ztransgaz” AK 244 ta, tuman (shahar) hokimliklari 133 ta, IIB idoralari 78 ta hamda Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasi 67 ta qonunbuzilish hollariga yo‘l qo‘ygan.

Ochiq muloqotda murojaatlarni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlariga olib kelayotgan omillar muhokama qilindi.