DXA tizimidagi 57 nafar xodim COVID-19ga chalindi

Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi tizimining 57 nafar xodimi COVID-19 ga chalingan bo‘lib, 1 nafar mutaxassisimiz ushbu virusdan vafot etgan. Shuningdek, 2 nafari sog‘aygan bo‘lib, qolganlar hozirda davolanmoqda. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi ma’lum qildi.

"Davlat xizmatlari markazlarida odamlar oqimi yuqori bo‘lani bois, bu yerda cheksiz va nazorat qilish qiyin bo‘lgan aloqa yuzaga kelishi tabiiy hol.

Albatta, biz Markazlarimizda barcha zarur choralarni ko‘rmoqdamiz. Belgilangan grafik asosida binolar dezinfeksiya qilinmoqda, xodimlar zaruriy himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda. Kirishda har bir tashrif buyuruvchining harorati o‘lchanib, bino ichida majburiy niqob rejimi o‘rnatilgan.

Ishimiz oson emas, lekin aholi uchun juda muhim. Davlat xizmatlari sohasida faoliyat yuritishni tanlagan har bir xodim, o‘z oldiga xalq ishonchini qozonishni maqsad qilgan.

Agentlik oldida turgan dolzarb masalalardan biri — bu DXM va FHDYo bo‘limlariga tashrif buyurgan fuqarolarni hamda xizmatda bo‘lgan xodimlarni mazkur virusdan himoya qilish.

Yashash tarzimiz o‘zgargani bilan davlat xizmatlarini olish ehtiyoji o‘zgargan emas. Shu bois, Sizlardan elektron xizmatlardan foydalanishni so‘raymiz. Sizlarga qulay bo‘lishi uchun xizmatlardan onlayn foydalanish videoqo‘llanmalarini tayyorlab youtube kanalimizga joylashtiryapmiz.

Ular bilan qo‘yidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:

Ushbu sinovli kunlarni faqatgina bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab yengib chiqishimiz mumkin. O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!", deya aholiga murojaat qildi Agentlik matbuot xizmati.