DXX Qirg‘izistondan olib kirilgan giyohvand moddalarni musodara qildi
DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1989 yilda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Nurmat Isoqov 6,318 kilogramm «gashish» giyohvandlik moddasini Farg‘ona viloyatiga olib ketayotgan vaqtida Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Aniqlanishicha, Nurmat Isoqov Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatiga borib, tanishlaridan mazkur giyohvand moddani 13200 AQSh dollariga sotib olishga kelishib, shundan 2000 AQSh dollarini ularga bergan. Og‘uni Andijon viloyati hududida qabul qilib olganidan so‘ng yana 3000 AQSh dollari berib yuborishini, pulning qolgan qismini esa giyohvandlik moddasini sotganidan keyin berishini aytgan.
Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Nurmat Isoqov hamtovog‘i, 1985 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Shuhratjon Mahmudov orqali 2900 AQSh dollarini qirg‘izistonlik tanishlariga berib yuborgan.
Shundan so‘ng kontrabanda yo‘li bilan Andijon viloyati hududiga olib kirilgan «gashish» giyohvandlik moddasini qabul qilib olgan.
Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir jarayonida Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi Nozimjon G‘aniyev, Mahammatdiyor Qodirov va Asaka shahrida yashovchi Sarvar Toirov qo‘lga olinib, ulardan jami 616 gramm «gashish» giyohvandlik moddasi olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.