DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i kubogi O‘rta Xo‘jasoat mahallasi jamoasiga nasib etdi
Samarqand shahridagi "Dinamo" stadionida Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun mini futbol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Uning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov, Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov hamda san’atkorlar, so‘z ustalari ishtirok etdi.
Finalda Past Darg‘om tumani sharafini himoya qilgan "Hovuzak" mahallasi yoshlari Samarqand shahrining "O‘rta Xo‘jasoat" jamoasi bilan bellashdi.
Murosasiz kechgan o‘yinda o‘rtaxo‘jasoatliklar 7:5 hisobida g‘alaba qozondi. Endi ular musobaqaning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Payariq tumanining "Qumchiq" mahallasi jamoasi Toyloq tumanining "Shopo‘lat" jamoasi ustidan g‘alabaga erishdi.
Husan Eltoyev.