DYoXX Marg‘ilon bozoridagi yong‘in haqida batafsil ma’lumot berdi

O‘zbekiston Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati  o‘tgan tunda Marg‘ilondagi bozorda sodir bo‘lgan yong‘in haqida rasmiy ma’lumot berdi.

“Yong‘in oqibatida savdo kompleksi binosining taxminan 1575 kv.m maydonidagi qurilish konstruksiyalari va tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan savdo rastalar, tez yonuvchi materiallaridan qurilgan savdo do‘konlar va ular ichida saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari yonib zararlangan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q”, - deyilgan YoXB xabarida.

Marg‘ilon shahar YoXB dispetcherlik xizmatiga Xiyobon ko‘chasi 174-uyda joylashgan “Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo kompleksi” da yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar tungi soat 02:05da kelib tushgan.

Ushbu xabar asosida dastlabki bo‘linmalar soat 02-10 da voqea joyiga yetib borganida savdo kompleksining keng maydonda qurilish konstruksiyalari va savdo do‘konlarining tom qismidan quyuq tutun aralash alanga chiqib yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 04-20 da qurshab olinib, 05-40 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘inga jami 19 ta asosiy va 3 ta maxsus yong‘in o‘chirish avtomobillari jalb etilgan. Amalga oshirilgan tezkor harakatlar natijasida savdo kompleksining 8.865 kv.m maydoni saqlab qolinishiga erishilgan. Yong‘inni kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar aniqlanmoqda.