Elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanganlar aniqlandi

Davlatimiz rahbari tomonidan aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hokimliklar, huquq-tartibot idoralari va boshqa mutasaddi tashkilotlarga bu borada aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Amalga oshirilayotgan ishlarni hamda energiya manbalaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga doir media-reja tasdiqlangan.

Viloyat hokimligi va prokuraturasi tomonidan elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga uzluksiz yetkazib berishda qonun buzilishlarining oldini olish, energiya resurslarni noqonuniy iste’mol qilish holatlariga chek qo‘yish, ulardan samarali foydalanish, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida qo‘shma farmoyish tasdiqlanib, viloyat, shahar va tumanlarda shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat shtabi tomonidan kuz-qish davrida iste’molchilarni issiqlik, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash choralarini ko‘rish, bu borada fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarni tezkor aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mutasaddi tashkilotlar, mahalla faollari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan holda har bir mahalladagi muammoli vaziyatdan xabardor bo‘lish, kommunal soha tashkilotlari faoliyati uchun zarur sharoit yaratish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, hududlarda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi, ko‘mir va neft resurslarini talon-toroj qilish, yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifati buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rib borilmoqda.

Shtab va tegishli ishchi guruhlar tashkil etilgandan so‘ng o‘tgan yilning dekabr oyidan bugungi kunga qadar 843 ta noqonuniy holat aniqlangan. Jumladan, 209 holatda tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish oqibatida 947 million so‘mlik, 620 holatda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisoblagichlarga zarar yetkazish natijasida 6 milliard 453 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish yuzasidan 7 ta (zarar miqdori 3 milliard so‘m), tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha 11 ta (zarar miqdori 700 million so‘m) jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish va mutasaddi idoralar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan viloyatdagi transport vositalariga gaz quyish shoxobchalari faoliyati o‘rganilmoqda.

Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” Samarqand filiali, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali va “Samarqand suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etilgan dispetcherlik markazlariga iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar, muammoli masalalar hamda takliflar tekzorlik bilan ko‘rib chiqilishi viloyat sektor rahbarlari tomonidan nazoratga olingan.

Viloyatda elektr energiyasi iste’molchilari soni 892 ming 321 tani (43917 ta ulgurji, 848 ming 404 ta aholi) tashkil etadi. Ularga kuniga 879 MVt. elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan 839,2 mingta xonadondan 346,7 mingtasi tabiiy gaz bilan, 489,5 mingtasi suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.

Favqulodda uzilishlar mutasaddi tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali e’lon qilib borilmoqda.

Jasur YuLDAShEV,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.