Elektron poliklinika yoki iqtisodiyotning raqamlashtirilishi nima beradi?

Raqamli iqtisodiyot nima, bizning hayotimizga u qanchalik kirib kelmoqda va biz uni qanday tushunyapmiz? Prezidentimiz boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda shu masala yuzasidan atroflicha fikr bildirildi.

Davlatimiz rahbari “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirmasdan kelajakni yaratib bo‘lmaydi”, dedi. Faqat shu yo‘l bilan tarmoq va hududlarda byurokratiya hamda korrupsiyaga barham beriladi. Bu borada tuman va shaharlarda katta ishlar amalga oshirilishi kerak. Yig‘ilishda joriy yilda 14 ta, keyingi yilda yana 14 ta tuman va shaharlarda bu borada ishlar olib borilishi, viloyatimizda dastlab Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida ishlar boshlanishi qayd etildi.

Kelgusida joylarda elektron poliklinikalar ish boshlaydi, qog‘ozbozlik va mablag‘ xarajatlari kamayadi. Bemor uyida turgan holda poliklinikada vrach ko‘rigiga borishini telefon orqali xabar qilib, aytilgan vaqtda vrach huzurida bo‘ladi va ortiqcha vaqt sarflash yo‘qoladi. Hozirda 20-30 minut kasallik varaqasini izlash va yozishga sarflanib, bemorlarning diqqinafas bo‘lib kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Kelgusi yildan bu amaliyot Andijon, Xorazm, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo va boshqa viloyatlarda amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda IT texnologiyalarni hayotimizga olib kirish juda muhim ekanligi ta’kidlanib, bu borada viloyatimizda tosh-shag‘al karerlari va korxonalariga raqamli iqtisodiyotni kiritish orqali qancha soliq tushumlari ko‘paygani raqamlar asosida tushuntirib berildi.

Shuningdek, meva-chevalarni qayta ishlash korxonalari, xalq ta’limi, madaniyat va boshqa sohalarga ham bu iqtisodiyot joriy etib boriladi. Maktablarda raqamlashtirish natijasida o‘qituvchining davomati, behuda qog‘oz to‘ldirishlarga ketadigan vaqti tejalib, bu vaqt foydali ishga sarflanadi.

Raqamli iqtisodiyotni amaliyotga joriy etish orqali neft-gaz, investitsiya, logistika, avtomashina zavodlari va boshqa sohalarda ham mamlakatimiz uchun qanchalik foydali ishlar yuzaga kelishi muhokama qilindi.

Azamat TAVBOYeV,

xalq deputatlari Payariq tumani Kengashi deputati.