Emlash ixtiyoriy, bepul, ammo xususiy vaksina markazlarida pullik emlatish ham mumkin
Fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha turli xil mazmundagi savollar bilan murojaat qilishmoqda.
Samarqand shahrida bugungi kunga qadar olti mingga yaqin aholi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlandi. Emlash uchun Hindistonda ishlab chiqarilgan “Aztra Zeneca” vaksinasi va Xitoy bilan O‘zbekiston olimlari hamkorligida ishlab chiqarilgan "ZF-UZ-VAC2001" vaksinasi ishlatilyapti. Bu emlashlar davlatimiz tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul asosda amalga oshirilyapti.
Bugungi kunda reja asosida xavf guruhiga mansub 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi qatlami va tibbiy xodimlar emlanyapti.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, emlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti, biroq aholi orasida chet elda o‘qishni, ish faoliyatini chet elda davom ettiruvchi fuqarolarimiz yoki xorijga u yoki bu yumush bilan chiqish istagidagi fuqarolarimiz talablariga ko‘ra, xususiy vaksina markazlarida emlash ishlarini amalga oshirishini tavsiya etamiz. Xususiy vaksina markazlarida emlash ishlari pullik amalga oshiriladi. Bugungi kunda Samarqand shahrida ikkita vaksina markazi faoliyat yurityapti.
Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.