Endi har yili suv taqchilligi kuzatiladi
“Suvga ehtiyoj katta, biroq suv zaxirasi kam. Shuning uchun amaliyotga suv tejovchi texnologiyalarni kengroq va tezroq joriy etish kerak”. Jomboy tumanidagi “Bog‘bon in-vitro” laboratoriyasida tashkil etilgan Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda sohadagi yangiliklarga bag‘ishlangan seminarda shunday xulosaga kelindi.
Tadbirda Oliy Majlic Qonunchilik palatasining agrar va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘mita a’zolari A’zamjon To‘laboyev, Ravshan Begmatov, Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshiyev, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rajabov va boshqa mas’ullar sohadagi yangiliklar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Seminarda qayd etilishicha, dunyoning aksariyat davlatlari qishloq xo‘jaligi sohasida intensiv texnologiyalarga o‘tmoqda. Bu, avvalo, sug‘orishdan boshlanadi.
1990 yillarda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun 61 milliard kub suv sarflangan va o‘shanda respublikamiz aholisi 20-25 million kishini tashkil etgan. Hozirda respublikamiz qishloq xo‘jaligida 51 milliard kub suv zarur va uning 80 foizi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Keyingi yillarda kuzatilayotgan qurg‘oqchilik tufayli dunyo davlatlarining aksariyati agrar tarmoqda mahsulot yetishtirish uchun suv tejovchi texnologiyalardan foydalanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2030 yilga kelib Markaziy Osiyo mintaqasida yanada qurg‘oqchilik kuzatilishi mumkin.
- Shu bois, bosqichma-bosqich 230 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi, - deydi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshiyev. – Buning uchun bog‘ maydonlarining gektariga 6 million so‘mgacha, paxta maydonlariga 8 million so‘mgacha subsidiya ajratilmoqda va mablag‘ miqdori yanada oshirilmoqda. Bir necha kun davomida Samarqand viloyatida mazkur sohadagi ishlarni o‘rgandik va tahlil qildik. Afsuski, viloyatda bu sohadagi ishlar eng birinchilardan bo‘lib boshlangan bo‘lsa-da, hozirda tarmoqda suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi oqsamoqda. Misol uchun, Bulung‘ur, Urgut tumanlarida ishlar moliyalashtirilgan bo‘lsa-da belgilangan ishlar 15 foizga bajarilgan, xolos. Viloyatda ham belgilangan ishlar 71 foizga uddalangan. Vaholanki, suv tejovchi texnologiyalar uchun ishlatiladigan vositalar ishlab chiqaruvchi ko‘plab korxonalar aynan Samarqandda joylashgan. Boshqa viloyatlarda bu ko‘rsatkich 1,5-2 barobarga ortig‘i bilan uddalangan bir paytda viloyatda belgilangan rejadan ham ortda qolinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: hozirda viloyatimiz qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun 4 milliard kub suv talab etiladi, lekin 3,2 milliard kub suv bor. Bu esa hozirda 800 million kub suv defitsit bo‘lib turibdi, degani. Shundan 500 million kub suv tejalib takroriy ekinga yo‘naltiriladi. Viloyatning asosiy suv tarmog‘i bo‘lgan Zarafshon daryosida 100-110 ming kub suv bor, lekin shu kunlarda viloyatimiz agrar tarmog‘i uchun 160-170 ming kub zarur bo‘ladi. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalar qanchalik tez joriy etilsa, keyingi yillarda suv taqchilligining oldi olinadi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.