Endi “shapkasiz” mashina minamizmi?

Odamlarimiz hoyu-havasli, ertaning umidida tinmay kuymalanadi. Xalqimizning turmush tamoyilidagi bu mushtaraklik, ayniqsa, “yangi mashina minish orzusi” atrofida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Ko‘cha-ko‘y, yoru birodarlar orasida «moyi bilan» mashina minishga nima yetsin?! Orzu o‘z yo‘liga, hayotiy haqiqatdan ko‘z yumgan bilan u o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolmaydi.

Xalqimizning mashinalarga ehtiyoji qay darajada qondirilyapti?

Jahon avtomobilsozlik bozori talab va ehtiyoj ustuvorligi tamoyiliga qurilgan. Mijoz talabi doim birinchi o‘rinda, ishlab chiqaruvchi shunga moslab o‘z mahsulotini sotuvga chiqaradi. Bizda esa aksincha, teskari tizim ishlab, mijoz ishlab chiqaruvchining talabiga moslashar, puli yetgan avtosalondan mashina olar, qolganlar esa qaytib ketardi.

O‘sha «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan» mijozlarning talabi biror marta o‘rganildimi?

“UzAuto Motors” kompaniyasi mas’ullari endi bir kabinetdan chiqib, aholi ehtiyojini, haydovchilar talabini o‘rgansa, so‘rovnomalar o‘tkazsa, shundan kelib chiqib, ichki bozorni ta’minlashni yo‘lga qo‘ysa yaxshi bo‘lardi...

Hamon xaridorgir va “joni qattiq” deb ta’riflanadigan “Nexia-1” yoki “Tico”ga o‘xshagan arzon mashinalar zamonaviylashtirilib chiqarilsa.

Mamlakatimiz aholisining katta qismi o‘rtahol. Shu paytgacha ularning talabini kimdir o‘rgandimi?

Keyingi yillarda ishlab chiqaruvchi ichki bozorga faqat bir-biridan qimmat, uncha-muncha odamning cho‘ntagi ko‘tarmaydigan modellarni taqdim etdi. Bu yo‘ltanlamas mashinadan sotib olish uchun pul to‘(p)lashga byudjetdan necha yil maosh olish kerak?

Agar “UzAuto Motors” O‘zbekiston sanoatining “drayver”iga aylanmoqchi bo‘lsa, avvalo, ichki bozorda marketing ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi, odamlar orasida bo‘lishi taqozo etiladi. Zero, kompaniyaning har safargi taqdimotini millionlab xalqimiz orziqib kutadi, har bir avtohavaskor nihoyat o‘z “orzu mashinasi” kaliti qo‘lida bo‘lishini istaydi. Orzuga ayb yo‘q...

Shuhrat Normurodov.